Jahon banki Oʻzbekistonda suv taʼminoti xizmatlari sektorini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlamoqda
Jahon banki Oʻzbekistonning qator hududlarida suv taʼminoti xizmatlari sektorini rivojlantirish va uni institutsional qoʻllab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kredit va grantlar ajratdi. Buni Oʻzbekiston tomonidan COVID-19 pandemiyasi tufayli boshlangan inqirozga qaramasdan, muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish uchun amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni muhim eʼtirofi sifatida qabul qilish mumkin.
Ushbu moliyalashtirish hukumatning inqirozga qarshi dasturi doirasida davlat xarajatlarining oldindan kutilmagan tarzda ortishi, shuningdek soliq tushumlarining qisqarishi fonida davlat byudjetini qoʻshimcha mablagʻlar bilan taʼminlaydi.
Ajratilayotgan qoʻshimcha moliyalashtirish pandemiya tarqalishining oldini olish, uning insonlar va milliy iqtisodiyot uchun oqibatlarini yumshatishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekistonning inqirozga qarshi kurashish dasturini qoʻllab-quvvatlagan holda uni amalga oshirishga katta koʻmak beradi.
Jahon iqtisodiyotining hozirgi rivojlanish bosqichida tashqi qarzi boʻlmagan mamlakatlar deyarli qolmagan. Tashqi qarzlarning moliyaviy taʼsir kuchi iqtisodiyotning eng istiqbolli tarmoqlarini moliyalashtirishga, yirik iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga va dunyodagi mavjud vaziyat oʻzgarganda iqtisodiyotni tezda tiklashga yordam beradi.
Koronavirus pandemiyasining iqtisodiy taʼsirini cheklash hamda aholi salomatligini saqlashda ichimlik suvi taʼminotining yaxshilanishi uchun bunday turdagi favqulodda yordam choralariga yirik miqdorda mablagʻlar sarflanishi, tabiiy.
Mana shunday qiyin vaziyatda ham mamlakatimiz tashqi manbalardan qarzlarning aksariyat qismini, asosan, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega strategik loyihalarni moliyalashtirishga jalb etayotgani tahsinga loyiq. Shuningdek, Oʻzbekiston pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab vaziyatga qaramay, xalqaro likvidlikka putur yetkazmagan, yaʼni, xalqaro zaxiralarni sarflamagan holda tashqi qarz islohotlarini olib borayotganini ham alohida eʼtirof etish oʻrinlidir. Bu esa ayni sharoitda mavjud tahdidlarga tezkor javob berish yoʻlidir.
Tashqi qarzlarni jalb qilishdagi bunday yondashuv pirovardida aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi muqarrardir.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring