Zargarlarga litsenziya va guvohnomalar berish tezlashtirildi

15:46 04 Mart 2020 Jamiyat
998 0

Fotо: Norma

Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash jarayoni jadallashtiriladi. Bunga litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati 10 kundan 5 kunga, qayta rasmiylashtirish boʻyicha – 5 kundan 2 kunga (ariza qabul qilingan sanadan eʼtiboran, uni taqdim etish usulidan qatʼi nazar) qisqartirilganligi orqali erishildi, deb yozmoqda Norma.

Bu qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlash uchun roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasini olishga ham taalluqlidir. Endi Asillik darajasini belgilash palatasi guvohnomani berish yoki muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizani 5 ish kuni (ilgari 7 ish kuni edi), qayta rasmiylashtirishda esa 3 ish kuni (ilgari 5 ish kuni edi) mobaynida koʻrib chiqadi. Xuddi avvalgidek, 1 BHM miqdoridagi qoʻshimcha haq evaziga zargarlik buyumlari bilan savdo qilish huquqini beradigan guvohnomalarni olishga doir murojaatlar tezkor tartibda (tegishincha 2 va 1 ish kuni davomida) koʻrib chiqiladi.

Shuningdek taʼkidlash joizki, zargarlik buyumlari bilan savdo qilishga doir amaldagi qoidalarga tuzatishlar kiritildi. Oʻzgarishlarning katta qismi bevosita Prezidentning 18.05.2019-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5721-son Farmoni qoidalaridan kelib chiqdi. Bundan tashqari, shunday mahsulotlarni vositachilar va internet-doʻkon orqali realizatsiya qilishning oʻziga xos jihatlari qayd etilgan.

Hujjat 21.02.2020-yildan kuchga kirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер