Zamini zar Surxon
Surxondaryo viloyati qulay agro iqlim sharoitiga ega hudud ekanligi bois yiliga 3-martagacha hosil olish imkoniyati mavjud. Ayniqsa, ertapishar sabzavot, poliz va subtropik mahsulotlar yetishtirish va uni qayta ishlash boʻyicha katta tajriba orttirilgan. Shuning evaziga viloyatning eksport salohiyati ham ortib boryapti.
Taʼkidlash joizki, viloyatda 39,9 ming gektar lalmi yer maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida joriy yilda Boysun tumanida “Boysun Xangaransoy sel suv ombori” qurilishi yakunlanadi. Umumiy qiymati 51,6 mlrd. soʻmga teng loyiha amalga oshirilib, umumiy suv sigʻimi 6,1 mln. metr kub suv zaxirasi yaratiladi. Xuddi shuningdek, 2019–2021-yillarda Sariosiyo tumanida “Obizarang sel suv ombori” qurilishi amalga oshiriladi. Buning uchun 187,6 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Mazkur inshootning umumiy suv sigʻimi 12,1 mln. metr kubni tashkil etadi.
Viloyatda bir yilda oʻrtacha 1,5 mln. tonna meva-sabzavot va uzum mahsulotlari yetishtiriladi, uni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan 7 ta korxona samarali faoliyat olib boryapti. Ishlab chiqilgan manzilli dasturga binoan 2023-yilga qadar meva-sabzavotlarni qayta ishlaydigan yangi korxonalar qurish natijasida meva-sabzavotni qayta ishlash koʻrsatkichi 13-14 foizga yetkaziladi. Ushbu davrda 42,7 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlashga moʻljallangan 15 ta korxona ishga tushiriladi.
Angor, Denov, Termiz, Oltinsoy, Sariosiyo tumanlarida jami 26,8 ming gektar maydonga kartoshka, sabzavot va intensiv bogʻlar tashkil etiladi. Bu boradagi amaliy saʼy-harakatlar natijasida 2023-yilga borib viloyatda 17,5 trln. soʻmlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarilib, bu boradagi koʻrsatgich 2019-yilga nisbatan 115,9 foizga oshiriladi.
Ilhom Rahmatov
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring