Yurtimizda nuroniylar bepul sogʻlomlashtiriladi — SSV
Sogʻliqni saqlash vazirligi yana bir yangi aksiyani eʼlon qildi. Unga koʻra, joriy yil 1-avgustdan 1-sentyabrgacha yurtimizda “Keksalar salomatligi oyligi” tashkil etiladi.
Bu davrda mamlakatimizdagi nuroniy otaxon va onaxonlar malakali shifokorlar tomonidan oʻzlari istiqomat qilayotgan hududda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Xoʻsh, bundan koʻzlangan maqsad nima?
Taʼkidlash lozimki, ayni damda yurtimizda 55 yoshdan oshgan 3 million 200 ming nafarga yaqin pensiya yoshidagi nuroniy yurtdoshlarimiz umrguzaronlik qilmoqda. Ularning salomatligini tiklashda, albatta, oʻz vaqtida koʻrsatiladigan sifatli tibbiy xizmatning oʻrni benihoya muhim.
Shu bois ushbu aksiya davomida tibbiy tekshiruv natijalariga muvofiq aniqlangan kasalliklar boʻyicha davlat koʻmagida keksalarning sogʻligʻini mustahkamlash choralari koʻriladi.
Buning uchun dastlab tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladigan nuroniylar roʻyxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.
Shundan soʻng aksiyaga jalb qilingan keksa yoshli insonlar maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻriklar yakunida:
oʻtkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan katta yoshli bemorlardan bir guruhi birlamchi boʻgʻindagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor keksa yoshli bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yoʻllanmalar taqdim etiladi.
Oʻz navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar oʻtkaziladi.
Eslatib oʻtamiz, Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan joriy yil mamlakatimiz boʻylab bir qancha salomatlik oyliklari tashkil etildi.
Mazkur sogʻlomlashtirish tadbirlari orqali qishloq xoʻjaligi xodimlari va ularning oila aʼzolari, yoshlar, maktab oʻqituvchilari hamda bogʻcha tarbiyachilari tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilib, aniqlangan kasalliklar boʻyicha ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari koʻrildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring