Yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari soni 4095 taga yetdi — SSV
Mamlakatimizda tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini mutlaqo yangicha yondashuvlar asosida transformatsiya qilishga kirishilgan.Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida 22 ta oilaviy poliklinika, 93 ta oilaviy shifokor punkti va 394 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib, birlamchi boʻgʻin muassasalari umumiy soni 3586 tadan 4095 taga yetkazildi.
Shuningdek, oʻtgan yildan boshlab, har bir mahallada “xonadonbay” tamoyili asosida faoliyat koʻrsatuvchi 17 400 ta tibbiy brigada tashkil etildi.
Universal-progressiv patronaj modeli joriy qilinib, 500 ming nafardan ziyod homilador, 3,9 mln. nafar 5 yoshgacha bolalar, 146 ming nafar uyda yotib qolgan, oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor shaxslar ushbu tibbiy xizmat turi bilan qamrab olindi.
Shu kungacha yurtimiz boʻylab 32 mln. nafar aholi “Elektron poliklinika” platformasiga biriktirildi va elektron tibbiy kartani yuritish tizimi joriy etildi.
Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytirildi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun qoʻshimcha ustama haq toʻlash yoʻlga qoʻyildi.
Natijada 134 ming nafar bemorga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining kunduzgi shifoxonalarida uyidan ajralmagan holda davolanish imkoniyati yaratildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring