Yuridik kadrlar tayyorlashda mutlaqo yangi yondashuv joriy etildi
Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonida yuridik taʼlim va ilm-fanning oʻrni beqiyosdir. Huquqiy madaniyatni yuksaltirish, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, malakali kadrlarni tayyorlash avvalo taʼlim sifatiga bogʻliq. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–232-son Farmoni mamlakatimizda yuridik taʼlim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan strategik hujjat sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur hujjat orqali yuridik kadrlar tayyorlash jarayoni mazmunan yangi bosqichga koʻtarildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Qonuniylikni taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, davlat organlari faoliyatida adolat tamoyilini qaror toptirish, eng avvalo, huquqiy bilimga ega, kasbiy mahorati yuksak va zamonaviy fikrlaydigan mutaxassislarga bogʻliq. Shu maʼnoda yuridik taʼlim tizimi fuqarolik jamiyati taraqqiyotining strategik ustuni hisoblanadi. Globallashuv sharoitida huquqiy munosabatlar murakkablashib borayotgan bir paytda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uzviy bogʻlash, talabalarni real huquqiy muhitga tayyorlash, xalqaro standartlarga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalasi ustuvor vazifaga aylanmoqda.
PF–232-son Farmon yuridik taʼlimni isloh qilishda tizimli yondashuvni joriy etdi. Unda taʼlim jarayonlarining amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash, klinik va dual taʼlim tamoyillarini keng joriy etish, taʼlim — tadqiqot — amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, boshqaruvda akademik-kollegial yondashuvlarni kengaytirish hamda taʼlim sifati ustidan nazoratni mustahkamlash kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Bu vazifalar yuridik kadrlarni tayyorlashda sifat jihatidan yangi darajani taʼminlashga xizmat qiladi.
Amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar — sudlar, prokuratura, advokatura, notariat idoralari hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik izchil yoʻlga qoʻyilmoqda. Klinik taʼlim, “keys-stadi”, modellashtirilgan sud jarayonlari, zamonaviy “Legal Tech” yechimlari taʼlim jarayoniga keng tatbiq etilmoqda. Bu esa talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash bilan birga, ularda tahlil qilish, huquqiy xulosa chiqarish va mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, raqamli huquqiy platformalar va onlayn maʼlumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, talabalarning raqamli muhitda ishlash malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zamonaviy huquqshunos nafaqat qonun normalarini bilishi, balki raqamli huquqiy infratuzilmadan samarali foydalana olishi ham talab etilmoqda.
Yuridik taʼlim sifatini oshirishda professor-oʻqituvchilar salohiyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois Farmonda ularning malakasini oshirish, xalqaro tajriba almashish, ilmiy salohiyatini rivojlantirish, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, stajirovkalar va qoʻshma ilmiy loyihalarda ishtirok etishga alohida eʼtibor berilgan. Taʼlim jarayoniga zamonaviy metodikalar va ilmiy yangiliklarni tatbiq etish, ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish ham islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Yuridik taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar adolatli jamiyat va qonun ustuvorligi taʼminlangan davlat barpo etishga qaratilgan strategik qadamlardir. Auditoriyalarda berilayotgan bilimlar, amaliyotda shakllanayotgan koʻnikmalar, ilmiy tadqiqotlarda yaratilayotgan yangiliklar — bularning barchasi ertangi kun davlat xizmatchisi va huquq himoyachisining kasbiy qiyofasini belgilab beradi. Yuridik taʼlimdagi har bir yangilanish jamiyatda adolatga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga, fuqarolarning qonunga hurmatini oshirishga, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi islohotlar samarasida shakllanayotgan yangi avlod huquqshunoslari nafaqat qonunni puxta biladigan, balki adolatni himoya qilishni oʻz hayot maqsadiga aylantirgan, vijdonli va masʼuliyatli mutaxassislar boʻlib yetishmoqda. Shu maʼnoda, yuridik taʼlimda boshlangan islohotlar — ertangi kun adolatining poydevori, qonun ustuvorligining mustahkam kafolati va jamiyat barqarorligining ishonchli tayanchidir.
Abdumumin Yuldashov
TDYUU Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti Akademik departament boshligʻi – dekan oʻrinbosari, professor v.b., yu.f.f.d. (PhD)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring