Yuksak masʼuliyat va daxldorlik hissi ustuvor

15:10 27 Oktyabr 2024 Jamiyat
500 0

Saylov demokratiyaning bosh tamoyili sifatida jamiyat siyosiy yetukligini belgilar ekan, saylovchilarning faolligi bunda uning oʻziga xos koʻzgusidir. Shunga mos uyushqoqlik va mamlakat kelajagiga daxldorlik masʼuliyatini Navoiy viloyatining navqiron kentlaridan tortib, Qizilqumdagi olis ovullargacha har bir saylov uchastkasida kuzatish mumkin.

Hududiy saylov komissiyasining maʼlumotlariga koʻra, joriy saylovda dastlabki viloyat boʻyicha 640 ming nafardan ziyod saylovchi roʻyxatga olinib, ularning 203102 nafarini yoshlar, 11 ming nafardan ortigʻini ushbu muhim siyosiy jarayonda ilk bor ishtirok etayotgan yigit-qizlar tashkil etadi. Karmana tumanidagi Doʻrman mahallasidan urush va mehnat faxriysi, 104 yoshli Pirnazar bobo Turdiyev esa hudud saylovchilarining eng keksa avlodi vakillaridan.

— Saylovga evaram bilan keldim, uyam ovoz berdi. — deydi Pirnazar bobo. — Shularning kelajagi, Oʻzbekistonimizning dunyoda obroʻsi yanada baland boʻlishi uchun ovoz berdim.

Saylov shiddatkor asrimizda tezkor maʼlumotlar, elektron hisob-kitob va ovoz berishni masofadan turib amalga oshirish kabi qulayliklarni taqdim etadi. Barcha uchastka saylov komissiyalarining zarur aloqa vositalari bilan taʼminlanganligi tufayli saylovning borishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar okrug va hududiy saylov komissiyasiga peshma-pesh yetkazilib turibdi. Ularda saylovchilar faolligini kuzatish mumkin. Umummanfaati yoʻlidagi masʼuliyat, siyosiy faollik va saylovning demokratiya tamoyillari hamda qonun ustuvorligi asosida kechayotganligi viloyatga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ham alohida eʼtirof etilmoqda.

— Oʻzbekiston jadal rivojlanayotgani menga anchadan buyon maʼlum, uning demokratik huquq va normalarda erishgan yutuqlariga mana shu saylovda yana bir bor amin boʻldim, — deydi Buyuk Britaniyalik kuzatuvchi Naomi Skott Dunne(Naomi Scott-Dunne). — Bu albatta bir kun yoki bir yilning ishi emas, u kechadan bugunga oʻtib, ertaga ham oʻz samarasini beradigan yangilanishlarning amaldagi ifodasidir.

Viloyatda saylov ana shunday yuksak masʼuliyat va daxldorlik hissi ustuvorligida davom etmoqda.

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер