“Yoshlar media xoldingi” tashkil etiladi
“Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qaror bilan Yoshlar ishlari agentligining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Agentlik tomonidan bir qator ommaviy axborot vositalari va nashriyotlari negizida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Yoshlar media xoldingi” tashkil etiladi.
Davlat va davlat ulushi mavjud boʻlgan OTMning yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori lavozimiga nomzod Agentlik bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita taʼsir qiladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Agentlik bilan majburiy ravishda kelishiladi.
Agentlik direktori Bosh vazir taqdimnomasiga asosan Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Maqomi, mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va tibbiy xizmat koʻrsatish shartlariga koʻra:
— Agentlik direktori – vazirga, uning birinchi oʻrinbosari – vazirning birinchi oʻrinbosariga, oʻrinbosarlari – tegishli ravishda vazir oʻrinbosarlariga;
— Agentlikning markaziy apparati xodimlari – vazirliklar markaziy apparati, hududiy boʻlinmalari xodimlari esa – vazirliklar hududiy boʻlinmalari xodimlariga tenglashtiriladi.
— Qaror bilan shuningdek, Toshkent shahar “Yoshlar ijod saroyi” qoshidagi Yoshlar simfonik orkestri negizida Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri tashkil etiladi va amaldagi mehnatga haq toʻlash shartlari saqlanib qolgan holda Madaniyat vazirligi tuzilmasiga oʻtkaziladi.
Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti Agentlik tuzilmasiga oʻtkaziladi.
Institut asosiy faoliyati yoshlar muammolarini oʻrganish, mazkur yoʻnalishda ilmiy va tahliliy tadqiqotlar oʻtkazish hamda istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga yoʻnaltirilgan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat muassasasi hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring