Yoshlar kutubxonasiga 400 ga yaqin kitoblar topshirildi
Mamlakatimizda yoshlar va oilalar orasida kitobxonlikni keng targʻib qilish, kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishni oshirish, kitobxonlik madaniyatini joriy qilish orqali ularda milliy gʻurur, iftixor Vatanga boʻlgan muhabbat va daxldorlikni yanada shakllantirish borasida keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda.
Adliya vazirligi ham ushbu islohotlarda daxldorlik hissini anglagan xolda xodimlar oʻrtasida yana bir maʼrifiy tashabbusni, #Ziyo_ulash aksiyasini boshlab berdi.
Bu loyiha yoshlar orasida kitobxonlikni keng targʻib qilish, ularda kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishni orttirish va intellektual salohiyatini oshirishga boʻlgan intilishni qoʻllab-quvvatlash imkonini yanada oshiradi.
Adliya vazirligi jamoasi nomidan 400 ga yaqin kitoblar Zangiota tumanidagi Vatanparvar mahallasida yoshlar uchun tashkil etilgan kutubxonaga topshirildi.
Ular orasida Prezident asarlari, atoqli mutafakkir bobolarimizning bebaho ijodiy-ilmiy merosi, sheʼriy va nasriy asarlar, jahon adabiyoti durdonalari, oʻzbek ziyolilarining faoliyatini tarix zarvaraqlariga birlashtirgan “Jadidlar” kitoblar toʻplamlari ham bor.
Taniqli ijodkorlar, mahalla faollari va yoshlar ishtirok etgan tadbirda adliya vaziri oʻrinbosari Х.Мелиев soʻzga chiqib, bugungi kunda yoshlarning kitob bilan doʻstlashishi, jahon, oʻzbek adabiyoti va madaniyatini chuqur oʻrganishi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etishini hamda oʻsib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun vazirlik tomonidan elektron kutubxona ham sovgʻa qilindi. Unda barcha kitoblarning elektron va audio shakllari jamlangan.
Ilmni chuqur egallashning yoʻli bitta — kitob oʻqishdir. Bugun yoshlarimizni beminnat ustoz boʻlgan kitobga boʻlgan muhabbatini oshirish, kitobxonlikni keng targʻib qilish har birimizning maʼnaviy burchimizdir. Zero, kitob bilan doʻstlashish ezgulikka yetaklaydi.
Diyora SAIDOVA,
OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring