Yogʻochga “jon” kiritayotgan usta

15:52 25 Sentyabr 2023 Jamiyat
556 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Tosh va yogʻochga ishlov berish eng qadimiy kasblardan hisoblanadi. Alohida buyurtmalar asosida qoʻlda tayyorlanadigan mahsulotlarning hamon qadri baland. Avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan bu hunar sharofati bilan usta duradgorlar qoʻlida yogʻochga “jon” kiradi.

Asli xazoralik (Karmana tumani) Maʼmur Jabborov shunday hamyurtlarimizdan biri boʻlib, bugungi kunda Navoiy shahrining Zarafshon mahallasida yashaydi va qoʻl mehnati bilan bejirim buyumlar yasab, katta obru-eʼtibor topmoqda.

Ikki yil burun nafaqaga chiqqan Maʼmur aka bolalikdan qon-qoniga singib ketgan kasbidan koʻngil uzolmaydi. Nabiralariga ushbu hunar sir-asrorini oʻrgatish bahonasida mahallasining u yoki bu hududlariga zeb beradi. Koʻp qavatli uylar atrofidagi bezaklar, bolalar oʻyin maydonchalaridagi yogʻoch ishlanmalar, maishiy chiqindilarni toʻplash uchun idishlar, qushlar uyalari, katta-kichik bejirim gultuvaklar, ikki qavatli naqshinkor soʻri shular jumlasidan.

Usta mazkur buyumlar uchun yogʻochni sotib olmagan. Avvaliga sayr bahona shahar aylanib, daraxtlarning qurigan va qari shoxlarini kesib olgan boʻlsa, keyinchalik mahalladoshlari Maʼmur aka yaratayotgan goʻzallikni koʻrib, qurilishlaridan ortgan yogʻoch va taxtalarni unga keltirib bera boshlashdi. Matematik aniq-hisob, geometrik muvozanat va botanik bilim tufayli bu yogʻochlardan deraza romlaridan tortib, lavh, qalamdon, quticha, lagan va boshqa naqshinkor esdalik buyumlari yasalib, ularning oʻzlariga qaytarildi. Shu taxlit yopiq zanjir yaratildi.

— Biror buyum tayyor holga kelgunicha yogʻoch bir necha murakkab ishlov bosqichlaridan oʻtadi deydi, — M. Jabborov. — Yogʻoch oʻymakorligi sanʼatida qayragʻoch, archa, yongʻoq, tut, oʻrik, chinor, tol, terak daraxtlari yogʻochidan koʻproq foydalaniladi. Chunki ularning tarkibida smola koʻp — tezda chirimaydi, yogʻochi ham ishlovbop. Ayniqsa, yongʻoq yogʻochi suvga, turli ob-havo sharoitiga chidamliligi sabab uzoq yillar xizmat qiladi. Odatda, tajribali ustalar ishlov berish uchun quyoshli joyda oʻsgan va kam butoqli daraxtni tanlashadi. Butogʻi katta yogʻochlardan tayyorlangan buyumlar esa yillar oʻtib yorilishi mumkin.

Zarafshon mahallasida boʻlgan kishi usta yaratgan goʻzallikni koʻrib hayratga tushishi tabiiy. Eng muhimi, uning ermagi mahalladagi boshqa xonadon sohiblariga har tomonlama ibrat boʻlib, kishilar qalbiga ezgulik naqshini chizayotganini ham unutmaslik lozim.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер