Yodgor Saʼdiyev “Hamdoʻstlik yulduzlari” davlatlararo mukofoti bilan taqdirlandi
Oʻzbekiston xalq artisti, Oʻzbek Milliy drama teatri bosh direktori, rejissyor, aktyor Yodgor Saʼdiyev “Hamdoʻstlik yulduzlari” davlatlararo mukofotiga sazovor boʻldi.
Mazkur mukofot Ijodiy va ilmiy ziyolilar forumida ustoz sanʼatkor Yodgor Saʼdiyevga tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, Bahrom Norboyev “Debyutlar hamdoʻstligi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. Aytish joizki, MDHga aʼzo davlatlar ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumiga oʻtgan yili Toshkent shahri mezbonlik qilgan edi.
Bu yil Bishkek shahrida boʻlib oʻtayotgan MDH davlatlari ijodkor ziyolilarining xalqaro forumi doirasida oʻzbekistonlik sanʼat va madaniyat vakillariga ham ushbu mukofot topshirilgani quvonarlidir.
– Chingiz Aytmatovdek buyuklari bor yurt eʼtibori va eʼtirofidan nihoyatda xursandman, – deydi Yodgor Saʼdiyev. – Bu hamdoʻstlik rishtalari ijod ahliga juda katta ilhom va shijoat bagʻishlaydi. Ijodiy loyihalarimizga ijobiy turtki beradi.
Aytish joizki, ushbu mukofot 2008-yilda taʼsis etilgan boʻlib, 2009-yili ilk bor oʻz sohiblariga taqdim etilgan. Mazkur mukofot madaniyat, sanʼat, taʼlim, ilm-fan yoʻnalishida samarali ijod qilib kelayotgan, doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, MDH mamlakatlaridagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga oid loyihalarda faol ishtiroki uchun beriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring