Yashil hududlarni kengaytirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosini samarali tashkil etish, oʻrmon xoʻjaligida boshqaruvni maqbullashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Daraxtzorlar havo tozaligini taʼminlaydigan, yurtga koʻrk bagʻishlaydigan boylikdir. Bunday hududlarni koʻpaytirish maqsadida oʻtgan yili davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilingan edi. Uning doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish belgilandi. Yurtimizdagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirildi.
Oʻtgan qisqa vaqtda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 535 gektar daraxtzor, 638 gektar “yashil jamoat parklari” tashkil etildi. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasida “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi tuzilib, zarur texnikalar bilan taʼminlandi.
Yurtimizdagi ekologik vaziyat va bajarilgan ishlar tahlili bu harakatni yanada kengaytirish zarurligini koʻrsatmoqda. Xususan, atmosfera havosi turli kimyoviy moddalar va ogʻir metallar bilan ifloslangan. Koʻchatlar ekish va parvarishlash jarayonlarida hokimliklar bilan Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining vazifalari aniq taqsimlanmagan.
Shu bois ushbu tadbirlarga Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasini yagona masʼul tashkilot etib belgilash taklif etilmoqda. “Yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari”ni barpo etish, daraxtlarni parvarishlash va ularni 3 yil davomida saqlash “Yashil hudud” korxonasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, daraxtlar ekiladigan yer maydonlarini aniqlash va loyihalashtirish, koʻchatxonalarni koʻpaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, oʻrmon xoʻjaliklari uchun maxsus texnikalar sotib olish choralari nazarda tutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu ishlarning mamlakatimiz ekologiyasi va xalqimiz salomatligidagi ahamiyatini taʼkidlab, chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish vazifasini qoʻydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring