«Yashil energiya»ga yashil chiroq
Davlatimiz rahbari shu yilning 25-26-mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida hududda barpo etilishi rejalashtirilgan qayta tiklanadigan yirik energiya manbalari, xususan, Pop tumanidagi ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi hamda Uychi tumanidagi gidroelektr stansiyalari kaskadi qurilishiga start berdi. Bu viloyatning elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash borasidagi navbatdagi amaliy qadam, deb baholanmoqda.
Quyoshga yoʻnaltirilgan panellar
Sir emas, kundalik hayotda eng zarur vositaga aylangan elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj yildan yilga ortib bormoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, birgina Namangan viloyatida keyingi uch yilning oʻzida ushbu koʻrsatkich 24 foizga ortgan. Bu, oʻz navbatida, quvvatlar ishlab chiqarish hajmini muntazam oshirib borish masalasi dolzarb ekanini koʻrsatadi.
Mamlakatimizda elektr energiyasining 90 foiz qismi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Agar Oʻzbekistonda yil davomidagi bulutsiz kunlar oʻrtacha 250 — 270 kunni, quyosh nurlanishi davomiyligi esa 2850 — 3050 soatni tashkil qilinishini inobatga olsak, undan olinadigan energoquvvatlar biz uchun eng qulay manba ekanligi namoyon boʻladi.
Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 16-fevralda «2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaror qabul qilindi. Ushbu muhim hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Binolar tomiga oʻrnatiladigan quyosh panellari arzon hamda ekologik jihatdan sof elektr quvvati ishlab chiqarishda qulay va samarali vositalardan biri hisoblanadi. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarning tizimli tashkil etilishi natijasida viloyatdagi koʻplab isteʼmolchilar qisqa vaqt ichida oʻzining ministansiyalariga ega boʻldi. Hozirga kelib ular soni 4090 tadan ortib, 31,7 megavatt miqdorida energiya hosil qilinmoqda.
Ijtimoiy soha muassasalari, tadbirkorlik subyektlari hamda aholi xonadonlarida yangilikni joriy etishga manfaatdorlik bilan yondashilayotganini kuzatish mumkin. Masalan, shahar va tumanlardagi 2067 ta xonadon oʻz ehtiyojini ayni vosita yordamida qoplamoqda.

Umuman olganda, quyoshning beminnat nurlari hisobiga 331.5 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, foydalanishga yoʻnaltirilgani quvvat yigʻuvchi panellardan foydalanish qanchalik afzalligini tasdiqlaydi.
Namangan davlat universiteti mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari orasida birinchilardan boʻlib muqobil energiya tizimi joriy etilgan subyektlardan biri boʻldi. Bundan ikki yil avval universitetning barcha oʻquv va talabalar turarjoy binolariga dasturga asosan quyosh panellari hamda suv isitish kollektorlari oʻrnatildi. Birinchi yili bu yerda 100 kilovatt soat quvvatga ega penallar ishga tushirilgan boʻlsa, oʻtgan yili 355 kilovatt soatlik ministansiya qoʻshildi.
— Endilikda oʻz ehtiyojimizni toʻla qoplab, ortgan energiyani hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotyapmiz, — deydi ushbu oliy taʼlim muassasasi moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektori Rustamjon Imomov. — Masalan, oʻtgan yili yagona energotizimga 154 900 kilovatt/soat miqdoridagi quvvat yetkazib berib, 100 million soʻmlikka yaqin manfaat koʻrdik.
«Quyoshli xonadon» dasturi doirasida turarjoy binosi tomiga oʻrnatilgan panellarda yaratilgan quvvat bilan oʻz xonadonini toʻla taʼminlab, qolgan qismini sotayotgan chortoqlik Dilmurod Abdullayevning hovlisidagi 20 kilovattlik quyosh panellari hosil qilgan energiya uning uyini yoritish, televizor, muzlatkich, isitish pechi singari vositalarni ishlatish uchun bemalol yetib-ortayotir. Ortib qolgani uchun taʼminotchi korxona bilan shartnoma imzolab, unga keyingi besh oyda 3704 kilovatt soat energiya yetkazib berdi.
— 101 isteʼmolchi bilan ana shunday shartnoma tuzganmiz, — deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Namangan filiali boʻlim boshligʻi Jahongir Xudoyberdiyev. — Keyingi paytlarda ulardan 1,5 million kilovatt/soatdan ortiq energiya qabul qilib oldik, bu 784,5 million soʻmdan koʻproq mablagʻni tashkil etadi.
Shu oʻrinda «quyoshli xonadon» dasturiga muvofiq jismoniy shaxslarga yagona energiya tizimiga uzatib berayotgan energiyaning har bir kilovatt/soati uchun davlat byudjetidan 1000 soʻmdan subsidiya ajratish yoʻlga qoʻyilganligi oʻziga xos manfaatdorlikni shakllantirayotganligini aytib oʻtish oʻrinlidir.
Bularning barchasidan yuridik va jismoniy isteʼmolchilar tobora koʻproq foydalanayotgan quyosh panellari arzon hamda kafolatlangan energiya manbai sifatida barchaga maʼqul tushayotganini sezib olish qiyin emas. Viloyatda ayni yoʻnalishda ishlab chiqilgan dasturda sohalar kesimida 3270 ta subyektda salkam 50 ming kilovatt quvvatga ega shunday manbalarni ishga tushirish moʻljallangan va uning ijrosi nihoyasiga yetkazilayotganligi masalaga aniqlik kiritadi.
Daryo suvi elektr nuriga aylanganda
Elektr energiyasi ishlab chiqarishda oqar suv kuchidan foydalanish sohadagi anʼanaviy usul va hozirgi kunda uning ahamiyati yanada kuchaygan. Namanganda ayni maqsadda foydalansa boʻladigan obihayot manbalari anchagina. Bundan uch yil avval Katta Fargʻona kanalining Uchqoʻrgʻon tumanidan oqib oʻtadigan qismida dastlabki kichik gidroelektrostansiyalar kaskadi ishga tushirilgan edi. Ularning umumiy quvvati 12 megavattga teng boʻlib, hozirgi vaqtda 48 mingta xonadonni uzluksiz elektr energiya bilan taʼminlab kelayotir. Endilikda Katta Andijon kanalida ham quvvati avvalgidan ikki hissa kuchli uchta GES qurilmoqda. Loyiha qiymati 60 million AQSH dollari boʻlgan, bu inshootlarning umumiy quvvati 18 megavatt boʻlib, qariyb yana 65 — 70 ming xonadonni elektr quvvatiga boʻlgan ehtiyojini qondiradi.
Davlatimiz rahbari qurilishiga start bergan yana bir GESlar kaskadi Norin daryosining Uychi tumanidan oqib oʻtgan qismida barpo etilmoqda. Umumiy quvvati 228 megavatt boʻlgan kaskad 6 ta GESdan iborat. Ushbu istiqbolli loyihaning ishga tushirilishi natijasida yiliga oʻrtacha 1 025 mln. kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Mahsuloti oʻrtacha 430 ming xonadonga kirib boradigan kaskad qurilishi toʻrt yilga moʻljallangan.
— Barpo etishga kirishilgan inshootning ahamiyatli tomoni shundaki, u respublikadagi birinchi «Milliy GES»ga aylanadi, — izohlaydi Uychi tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Farhod Mamadaliyev. — Sababi loyiha toʻliq «Oʻzbekgidroenergo» AJning mablagʻlari hisobidan, mahalliy loyihalashtirish va pudrat tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda. Zarur asbob-uskunalarning barchasi oʻzimizda ishlab chiqariladi.
Darhaqiqat, yuqori innovatsion texnologik qurilmalarning mamlakatimiz gidroenergetikada ilk bor amaliyotga joriy etilishi istiqbolda moliyaviy sarf-xarajatlarni iqtisod qilish, sifatli va zamonaviy andozalarga mos agregatlar tayyorlashni oʻzlashtirishga xizmat qilishi bilan eʼtiborni tortadi. Bu esa mamlakatning shu sohadagi salohiyati yanada ortib, ekologik toza va arzon elektr quvvatlarini ishlab chiqarish hajmi yanada oshadi, demakdir.

"Qoʻshminor"da qoʻsh fotoelektr stansiyasi
Viloyatning poytaxt bilan chegaradosh Pop tumani yer maydonining kattaligi bilan boshqa tumanlardan farqlanadi. Uning hududida qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan adirliklar ham anchagina.
Shundan kelib chiqib, keng maydonni talab qiladigan quyosh fotoelektrik stansiyalarni joylashtirish uchun tumanning Qoʻshminor mahallasi hududi tanlandi. Bu yerda birinchi boʻlib Germaniyaning «Hyper Partners GmbH» kompaniyasi tomonidan 500 megavatt quvvatli stansiya quriladi. Mazkur loyihaning qiymati 350 million dollarga teng, yiliga 1 milliard 95 million kilovatt/soatni energiya ishlab chiqaradi.
Birlashgan Arab Amirliklarining «Tepelen Group Holding Limited» kompaniyasi bilan hamkorlikdagi fotoelektrik stansiyasi ham shu hududda barpo etilmoqda. U bitgach quyosh nurlaridan 500 megavatt quvvat hosil qiladi. Ushbu stansiyalarni joriy yil yakuniga qadar tarmoqqa ulash koʻzda tutilgan. Ularda 120 kishi uchun doimiy ish oʻrni yaratiladi.
— Yuqoridagi uch loyiha ijrosi bilan Namanganning generatsiya quvvatlari 2141 megavattga yetadi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Okibjon Inomov. — Bu 7,8 milliard kilovatt/soatga teng va hududning elektr energiyasiga boʻlgan 5,5 milliard kVt/soatlik talabini toʻliq qoplaydi.
Shunday qilib, taraqqiyot tayanchi boʻlgan elektr energiyasi ishlab chiqarishni koʻpaytirishda quyosh va suv ham beminnat koʻmakchimizga aylanmoqda. Binobarin, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qolaversa, tabiiy resurslarimiz ham inson qadri, uning manfaatlariga yoʻnaltirilganligi bilan qimmatlidir.
Qudratilla NAJMIDDINOV, («Xalq soʻzi»).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring