“Yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlarga soliq imtiyozlari beriladi
Joriy yilning 25-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda dastlab, bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada rivojlantirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama etildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholi va tadbirkorlik subyektlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan amaldagi qonun hujjatlariga “Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritishga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Shu bilan birga, “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlarga doir soliq imtiyozlarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Yigʻilishda fraksiya aʼzolari tomonidan qonun loyihasining qabul qilinishi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini bartaraf etish, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va ragʻbatlantirish mexanizmlarini belgilash imkonini berishi, bu oʻz navbatida partiya dasturiy maqsad va vazifalari hamda elektorati manfaatlariga toʻla mosligi qayd etildi.
Qizgʻin bahs-munozaralar yakunida fraksiya aʼzolari tomonidan qonun loyihasining takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berildi hamda qonun loyihasi qoʻllab-quvvatlandi.
Kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring