“Yashil energetika” Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qanday foyda beradi?

14:58 31 Avgust 2021 Iqtisodiyot
2203 0

Respublikamizning ustuvor yoʻnalishlardan biri barchamiz uchun global masalaga aylanayotgan elektr energiyasining zarurligi va undan oqilona foydalanish, arzon, ishonchli, barqaror va zamonaviy energetikani joriy etish choralarini koʻrishdan iboratdir.

Aholini sifatli va uzluksiz energiya manbalari bilan taʼminlashda avvalo davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish, barqaror investitsion loyihalarni jalb qilish zarur.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yaqinda Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida Karmana tumanida barpo etilgan 100 megavatt quvvatli mamlakatimizdagi birinchi yirik ilk quyosh fotoelektr stansiyasini ramziy ishga tushirdi.

Mazkur majmua qurilishi oʻtgan yili boshlangan edi. Uning doirasida 110 mln dollar investitsiya oʻzlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari oʻrnatildi. Bu loyiha amalga oshishi bilan 80 mln. kub/metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi va bu gaz aholi uylariga boradi. Eng muhimi, 160 ming tonna zaharli gazlar havoga tarqalishining oldini oladi. Bu esa tom maʼnoda, Oʻzbekistonni “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishiga birinchi qadam boʻlib, davlatimiz mustaqilligining oʻttiz yilligini nishonlash arafasida munosib sovgʻa boʻldi, desak mubolagʻa emas.

Albatta, bu ishlar oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Davlatimiz rahbarining uzoqni oʻylab olib borayotgan oqilona siyosatining yana bir amaliy natijasidir. Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomada energetika sohasini rivojlantirish masalalariga alohida toʻxtalib, mazkur yoʻnalishda amalga oshiriladigan loyiha va rejalarni birma-bir sanab oʻtgan edi. Xususan, iqtisodiy faollik va aholi daromadlari oʻsgani sayin, energiya resurslariga boʻlgan talab ortib borishi, neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni, boshlangan yirik loyihalarni yakuniga yetkazish lozimligi taʼkidlangan edi.

Haqiqatdan ham, yurtimizda energetika sohasini tubdan isloh qilish masalalarida butkul yangi tizim tashkil etish boʻyicha Prezidentimiz rahbarligida soʻnggi yillar ichida koʻplab yigʻilishlar va uchrashuvlar oʻtkazildi. Tegishli qonunlar, xalqaro bitimlar, qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

Birgina energetika sohasida joriy yil yakuniga qadar umumiy quvvati 1 ming 800 megavattga teng boʻlgan issiqlik va quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilishi koʻzda tutilmoqda. Hozirgi kunga kelib, energetika sohasida davlat xususiy sheriklik mexanizmlari asosida jami 19 ta, qiymati 7,4 mlrd AQSH dollariga teng boʻlgan loyihalar amalga oshirilib, shundan bugungi kun holatida 12 ta loyiha boʻyicha bitimlar imzolangan. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi 14 ming megavattdan 15 ming 800 megavattga yetkaziladi. 2016-yilga nisbatan oʻsish koʻrsatkichi esa 52 foizni tashkil qiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Toshkent viloyatining Qibray tumanida 240 megavattdan 2 ta va 230 megavattga teng 1 ta, Xorazm viloyatida 174 megavatt, Buxoro viloyatida 270 megavatt, Qashqadaryoda 220 megavatt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyalari, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 100 megavattdan boʻlgan quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilishi arafasida turibdi. Shu bilan birga, Surxondaryoda 38 megavattga teng “Zarchob-2” va Toshkent viloyatida 8 megavattga teng “Kamolot” gidroelektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Xulosa oʻrnida aytganda, respublikamizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda aholining energiya resurslariga boʻlgan talabini toʻliq qanoatlantirish maqsadida davlatimiz tomonidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Nosirjon AMINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер