Yaponiyada kuchlanishi 5 magnitudadan yuqori boʻlgan ikkita zilzila qayd etildi
Illyustrativ surat
Yaponiyaning asosiy Xonsyu orolining sharqiy va gʻarbiy sohillarida bir soat ichida kuchlanishi 5,3 magnitudadan yuqori boʻlgan ikkita yer silkinishi qayd etildi.
Bu haqda Yaponiya Meteorologiya boshqarmasi tomonidan maʼlum qilindi.
Manbaga koʻra, birinchi zilzila Tinch okeanining sharqiy sohilidagi Fukusima prefekturasi yaqinida sodir boʻlgan. Epitsentr 50 kilometr chuqurlikda qayd etilgan boʻlib, sunami tahdidi kuzatilmagan. Maksimal zarba kuchi yetti balli Yaponiya shkalasi boʻyicha 4 ballni tashkil etgan.
Ikkinchi zilzila mamlakatning gʻarbiy sohilidagi Gifu prefekturasida yuz bergan. Epitsentr 10 kilometr chuqurlikda kuzatilgan. Silkinishlarning maksimal kuchi 4 ballni tashkil etgan. Ushbu hududda ham sunami tahdidi yuzaga kelmagan.
Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida maʼlumot yoʻq.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring