Yaponiya tibbiyot sohasidagi uchta loyiha uchun yangi grant ajratdi

18:28 15 Yanvar 2024 Jamiyat
878 0

Bugun Sogʻliqni saqlash vazirligida Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Xatori Takashi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida soʻz bordi.

Yaponiya Oʻzbekistonning ishonchli hamkori boʻlib, mamlakatlarimiz oʻrtasida tibbiy kadrlarni tayyorlash, kasalliklar muolajasi va profilaktikasi, sohani raqamlashtirish kabi qator yoʻnalishlarda oʻzaro aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda.

Xususan, kun chiqar yurt tomonidan mamlakatimiz uchun taqdim etilgan zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan maxsus tibbiy konteynerlar olis hududlarda yashovchi yurtdoshlarimizni ham zamonaviy tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish imkonini bermoqda.

Yaponiya tomonidan “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga begʻaraz yordam” dasturi doirasida yurtimiz tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlash uchun grantlar ajratib kelinayotgani ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga xizmat qilyapti.

Qayd etish lozimki, amalga oshirib kelinayotgan ushbu grant dasturi doirasida bugunga kelib, sogʻliqni saqlash, taʼlim va qishloq xoʻjaligi sohalarida umumiy miqdori 28 million AQSH dollaridan ziyod boʻlgan 420 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etildi.

Uchrashuvda mazkur dastur doirasida yana uchta loyiha boʻyicha grant shartnomalari imzolandi.

Unga koʻra, Samarqand shahar 2-son tugʻruqxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filiali hamda Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasini zamonaviy tibbiy-asbob uskunalar bilan taʼminlash uchun grant mablagʻlari ajratildi.

Muloqot chogʻida Xatori Takashi Yaponiya bundan keyin ham Oʻzbekistonda yuqori sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga hissa qoʻshishda hamkorlikni davom ettirishini taʼkidladi.

Shuningdek, uchrashuvda tibbiy taʼlim sohasidagi oʻzaro aloqalarni kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер