“Yapon fenomeni”dan qolishmaydigan urf-odatlarimiz bor…
Koronavirus infeksiyasi bugun butun jahonni tashvishga solib qoʻydi. Unga qarshi keskin choralar qoʻrilayotgani boʻlishiga qarmay ushbu xastalikka chalinayotgan soni tez oʻsib borayotir. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda ham zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotganidan xabaringiz bor. Masalan, karantin qoidalarini buzganlik uchun qonunchilikda maʼmuriy javobgarlik belgilandi va nazorat kuchaytirildi.
Shuningdek, hozir respublikamizda 100 ming kishi karantinga olingan. Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga moʻljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning qurib bitirilgan qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 nafardan ortiq fuqaro joylashtirildi. Bundan tashqari, Zangiota tumanida 10 ming oʻrinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu maskanlardagi 2 mingta oʻrin ishga tushiriladi. Shularga mos ravishda 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazib berildi.
Lekin, afsuski, bu chora-tadbirlarni jiddiy qabul qilmayotganlar ham uchrab turibdi. Birgina Toshkent viloyatining oʻzida shu qisqa muddatda 1450 nafardan ziyod kishi karantin qoidasiga amal qilmagani bois javobgarlikka tortildi.
Prezident oʻz murojaatida shu masalaga yana bir bor eʼtibor qaratib, barcha yurtdoshlarimizni karantin qoidalariga amalga qilishga chaqirdi. Shu maʼnoda, har birimiz bugungi talablarga amal qilishimiz, shu orqali ushbu pandemiyaga qarshi samarali kurashishimiz mumkin.
Axir, Yaponiya aholisi “yapon fenomeni”, yaʼni oʻziga xos salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qoʻlni yuvish, toʻla yuvinish, toʻgʻri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13 ta qoidaga toʻla amal qilgani orqasidan yaxshi natijaga erishganligini barchamiz koʻrib-bilib turibmiz-ku. Nega biz shunday qilmasligimiz kerak. Yaponlarnikidan qolishmaydigan milliy urf-odat va qadriyatlarimiz bor. Shu damda nega uni ishga solmasligimiz kerak…
Davlatimiz har qanday moddiy xarajat evaziga boʻlmasin, bu balo keng tarqalishining oldini olish harakatida. Bordiyu vaziyat nazoratdan chiqib ketsa, uning naqadar ayanchli oqibatlarga olib kelishini Prezidentimiz bot-bot eslatyapti. Kelinglar, barchamiz bir boʻlib, karantin qoidalariga toʻliq amal qilaylik! Ana shunday koronavirus boshimizdan tezroq daf boʻladi.
Malika QODIRXONOVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring