Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka tushuntirildi
Joriy yilning 24-25-mart kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi bir guruh deputatlar Qashqadaryo viloyatida boʻlishdi.
Qarshi hamda Shaxrisabz shaharlarida mahalliy Kengash deputatlari bilan oʻtkazilgan tadbirlarda Konstitutsiyamizga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtildi.
Tadbirlarda deputatlar, faollar, yoshlar vakillari yangilangan Konstitutsiyamizning referendum orqali qabul qilinishini qanchalik ahamiyatli ekanligi, umumxalq muhokamasi har tomonlama mukammal tashkil etilganligi, parlament palatalari yigʻilishlarida Konstitutsiyaviy qonun ochiq va oshkora muhokamalardan oʻtkazilganligini alohida taʼkidladilar.
Gʻuzor tumanidagi “Dashtobod” mahallasida oʻtkazilgan uchrashuvda mahalla vakillari oxirgi yillarda mamlakatimizda aholini farovonligini oshirish, xususan ularni bandligini, munosib hayot kechirishini taʼminlash borasidagi saʼy harakatlar oʻz ijobiy natijasini koʻrsatayotganini taʼkidladilar. Ayniqsa, soʻnggi yillarda yurtimizda dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinayotgani, aholining qoʻshimcha daromad olish imkoniyatlari kengayayotgani, xalqimiz dasturxoniga sifatli va arzon qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazish hajmi oshayotganini qayd etib, sohadagi ishlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Qabul qilinishi moʻljallanayotgan yangi Konstitutsiyada ham qishloq xoʻjaligi, yerdan unumli foydalanishga qaratilgan qoidalar aks etganini taʼkidladilar.
Deputatlar “Yangihayot” mahallasida “Ochiq byudjet” tizimi orqali mahallani obod qilish yoʻlida amalga oshirilgan ishlarni ham koʻzdan kechirishdi. Mazkur jarayonda mahalla faollari ushbu tizim orqali mahallani obod qilganliklari, “Ochiq byudjet” tizimi aholini qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topishda muhim omil boʻlayotganini aytib oʻtishdi.
Shaxrisabz shahrida mahallalarda fuqarolar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda hunarmandchilik sohasida davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar mintaqada sohaning rivojida, aholining bandligini taʼminlashda, hunarmandlarning oʻzligini keng namoyon qilishlarida muhim omil boʻlayotganini eʼtirof etdilar.
Boʻlib oʻtgan uchrashuv va muloqotlarda fuqarolar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlagan holda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining yurtimiz tarixida ilk bor referendum orqali qabul qilinayotganligini mamnuniyat bilan maʼqulladilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring