Yangilanayotgan Konstitutsiyada har bir shaxs oʻz himoyasi va manfaatini koʻrmoqda

09:10 04 Aprel 2023 Siyosat
617 0

Termiz shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri, parlament quyi palatasi deputatlari hamda viloyatdagi mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida yangilanayotgan Konstitutsiyamizning targʻibotiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Tadbir davomida Konstitutsiyamizdan oʻrin olayotgan yangi demokratik qoidalar, ularning mazmun va mohiyati haqida axborot berildi. Shuningdek, demokratiyaning eng muhim shartlaridan biri hisoblangan, davlat va jamiyat ahmiyatiga molik masalalarni hal qilishda xalqning bevosita ishtirokini ifodalaydigan referendumning ahamiyati haqida fikrlar yuritildi. Konstitutsiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, vakillik va ijro organlarining oʻrni va roli haqida, asosiy qonunimizning ijtimoiy davlat qurish, oila institutini mustahkamalash, mulkni himoya qilish kabi prinsipial qoidalar haqida maʼlumotlar berildi.

Arziqul SOATOV, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, “Nuroniylar” jamgʻarmasi viloyat boʻlimining raisi:

— Soʻnggi yillarda jamiyatimiz hayotining barcha jabhalaridagi islohotlarda keksa avlod vakillari ishtirok etmoqda. Biz olti yillikdagi oʻzgarishlarni koʻryapmiz va yosh avlodni uning qadriga yetishga undayapmiz. Prezidentimiz jamiyatimizga mehr dunyosini olib kirdi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamning miqdorlari eng kam isteʼmol harajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilishining ahamiyatini bilishimiz kerak. Hozirda pensiyalarni uylariga olib borib berishmoqda. Keksalarimiz hayotdan rozi boʻlmoqdalar. Farzandlarimizning taʼlim va tarbiyasida ularning ota-onalari bilan birga bobosi va momosining ham masʼuliyatini oshirsak yaxshi boʻlar edi. Viloyat nuroniylari “Biz referendumda ovoz beramiz” degan mavzuda aksiya oʻtkazdik. Ishonchim komilki, referendum yuksak koʻtarinkilik ruhida oʻtadi.

Dilbar SUVONOVA, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Termiz shahar 12-sonli “Mehribonlik uyi” direktori:

— Oʻzbekistonimizga Konstitutsiya kerakligini davrning oʻzi koʻrsatmoqda. Shu sababli boʻlsa kerak, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan 220 mingdan ziyod yangi takliflar kelib tushdi. Yangi Konstitutsiya loyihasida har bir inson haqida davlat har tomonlama gʻamxoʻrlik qilishi muhrlab qoʻyilayapti. Davlatimiz uy-joyli boʻlish, bepul tibbiy yordam, kasb hunar oʻrganish, yetarli ish haqi va pensiya olish uchun qonuniy imkoniyat yaratishni boʻyniga olayapti.

Yusuf HALIMOV, Angor tumani 3-sonli umumtaʼlim maktabi direktori, xalq deputatlari Angor tuman Kengashi deputati:

— Oʻqituvchilarni paxta, metallom va boshqa oʻz faoliyatiga xos boʻlmagan ishlarga majburiy jalb qilinishi yaqin oʻtmishdagi hodisa edi. Endilikda oʻqituvchi maqomi ulugʻlanmoqda. Oʻz vazifasini mukammal ado etish uchun sharoit yaratilmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarning taʼlim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli boʻlishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilyapti. Mazkur normalar, nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhimdir. Bugungi kunda Oʻzbekistonda tinchlik hukm surmoqda, qoʻshnichilik munosabatlarimiz tiklanmoqda.

Fotima NORMAMATOVA, Muzrabot tumani hokimining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi, xalq deputatlari Muzrabot tumani Kengashi deputati:

— Yangilanayotgan Konstitutsiyada belgilanayotganidek bugungi zamon yoshlari ilgʻor fikrlaydigan, qatʼiyatli, oʻz maqsadi sari harakat qiladigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, muammoni ijobiy yechadigan shaxslar boʻlishi kerak. Taʼlim sohasida kiritilayotgan yangiliklar esa aynan shunday yetuk, barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi. Yangi Konstitututsiyada xalqqa ancha yengilliklar berilishi, jamiyatimiz erkin boʻlishi, mulkimiz butun, bolalarimizning taʼlimi va tarbiyasi uchun sharoitlar, sogʻligimizni saqlashga kafolatlar kiritilishi reja qilingan. Barchamiz ertangi kunimizni belgilab beradigan tarixiy Qonunga befarq boʻlmasligimiz kerak.

Sayfulla TURSUNOV, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Termiz davlat universiteti Jahon tarixi kafedrasi mudiri:

— Joylardagi uchrashuvlarda bir narsaga amin boʻlmoqdamiz. Oddiy odamlar eʼlon qilingan Konstitutsiyani oʻqimoqda va oʻzining manfaatini tanimoqda. Konstitutsiyada har bir shaxsning himoyasini koʻrish mumkin. Konstitutsiyamiz – mamlakatning yuzi va koʻzi, bu hujjat albatta hayotimiz asosi boʻla oladi.

Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, 2-oilaviy poliklinikada tibbiyot xodimlari hamda Angor tumanidagi yangi qurib ishga tushirilgan “Baraka savdo markazi”da hunarmandlar va yoshlar vakillari bilan ham uchrashuv oʻtkazdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер