Yangi texnologiyalar — nurli manzillarga qanot
Foto: «Халқ сўзи»
“Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” qariyb oltmish yillik tarixga ega korxona. Garchand kecha bilan bugunni solishtirish joʻngina tuyulsada, shiddat nuqtayi nazaridan korxona faoliyatida soʻnggi besh yillikdagi oʻzgarishlar har qancha eʼtirofga loyiq ekanini taʼkidlamaslikning iloji yoʻq. Zotan, dastlab bor-yoʻgʻi 25 ming kilovatt soatlik ishlab chiqarishi bilan mamlakat elektr energiyasi taʼminoti tizimiga qoʻshilgan korxona bugun respublikamizda tarmoqning yetakchi quvvatlaridan biriga aylanib ulgurdi.
Stansiyaning oʻtgan asrdagi faoliyati Qizilqum choʻllarining millionlab gektar kengliklariga taraqqiyot va yirik sanoat korxonalari kirib borishiga zamin hozirlagan boʻlsa, yangi asr - shiddatkor zamonamizda elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojning mumkin qadar toʻla qanoatlantirilishi, mamlakatimiz investitsion jozibadorligining muhim sharti hamdir. Shu bois soʻnggi yillarda mamlakatimiz energetika tarmoqlaridagi rekonstruksiya, zamonaviy tejamkor texnologiyalar asosidagi modernizatsiya jarayonlari elektr energiyasi taʼminotida yaxlit zanjirning barqarorligini taʼminlashga qaratilgan.
Mazkur zanjirning muhim xalqalaridan biri sifatida “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJda amalga oshirilgan dastlabki investitsion loyiha – bugʻ-gaz qurilmasi mamlakatimizda ilk zamonaviy energetika texnologiyalariga asoslangan elektr energiyasi ishlab chiqarishni taqdim etdi. Anʼanaviy texnologiyada 1 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 400 va undan ortiq gramm shartli yoqilgʻi sarflangan boʻlsa, zamonaviy bugʻ-gaz qurilmasida bu koʻrsatkich 234-235 grammni tashkil etmoqda. Natijada yiliga milliardlab kubometr tabiiy gaz yoqilgʻisi iqtisod qilinayotir.
Korxonada Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation and MHPS” kompaniyalari konsorsiumi asosida kontrakt qiymati 432 million AQSH dollariga teng, quvvati 450 megavatt boʻlgan ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasi bunyod etilishi sarflangan energiya resurslari samaradorligini yanada oshirdi. Mamlakatimiz Prezidenti 2017-yil 28-martida Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida korxonada boʻlib, ushbu qurilma poydevoriga tamal toshini qoʻygan edi.
— Birinchi bugʻ-gaz qurilmasidan farqli ravishda ikkinchi qurilmamizda 100 gigakaloriya(Gkal) sanoat bugʻi va 100 Gkal issiq suv koʻrinishidagi, jami 200 Gkal issiqliq energiyasi ishlab chiqarilmoqda, — deydi “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Qahramon Gʻaniyev. — Elektr energiyasi ishlab chiqarishning anʼanaviy texnologiyalarida foydali ish koeffitsenti odatda 40 foiz atrofida edi. Korxonamizdagi birinchi bugʻ-gaz qurilmasida bu koʻrsatkich 57 foizni tashkil etgan boʻlsa, ikkinchisida 61 foizga tenglashdi. Hozirgi davr oldimizga energiya resurslarini tejash vazifasini qoʻyar ekan, davlatimiz rahbari bu borada eʼtiborni uzoq istiqbolga qaratish, issiqlik elektr stansiyalarida modernizatsiyaning navbatdagi bosqichida texnik va maʼnan eskirgan barcha energo qurilmalarini ixcham hamda tejamkor texnologiyalarga asoslangan bugʻ-gaz qurilmalariga almashtirish vazifalarini belgiladi.
Bugʻ-gaz qurilmasining ishga tushirilishi natijasida korxonamizda yiliga qoʻshimcha ravishda yana 3 milliard 276 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Shuning barobarida mazkur loyihaning tejamkorligi tufayli 1 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun shartli yoqilgʻi sarfi kamaytirilishi evaziga yiliga oʻrtacha 500 million kubometr tabiiy gaz iqtisod qilinmoqda. Bu birgina Navoiy viloyati aholisining yillik tabiiy gaz isteʼmoliga nisbatan 20 baravar koʻp demakdir.
Loyihaning diqqatga molik yana bir jihati shundaki, texnologiya suv oʻrniga havo bilan sovutishga asoslangan. Suv tanqisligi dolzarb hududimiz uchun bu muhim ahamiyatga ega boʻlib, Oʻzbekiston sharoitida ilk bor qoʻllanildi.
Albatta, yangi texnologiyalarga asoslangan qurilmalarni ekspluatatsiya qilish, oʻz navbatida, uni ekspluatatsiya qiluvchi xodimlardan ham shunga yarasha bilim va malaka talab qiladi.
— Bu kabi zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalarining ishga tushirilishi ming nafardan ortiq xizmat koʻrsatuvchi malakali xodimlarni tayyorlash zaruratini keltirib chiqargan edi, — deydi aksiyadorlik jamiyatining umumiy masalalar boʻyicha direktori Najmiddin Boboqandov. — Prezidentimiz stansiyaga tashriflari chogʻida Yaponiya granti asosida korxonamiz bazasida bugʻ-gaz qurilmalari uchun xodimlar tayyorlaydigan oʻquv markazi tashkil qilish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Bugun barcha qulayliklarga ega, respublikamizda yagona sanalgan oʻquv markazimiz soʻnggi avlod axborot texnologiyalari bilan taʼminlangan. Bu yerda elektr, issiqlik mexanikasi, avtomatik oʻlchov boshqarish, dasturiy taʼminot va texnik xizmatlar koʻrsatish, diagnostika, kompʼyuter texnikasi asosida trenajer xamda simulyator kabi yoʻnalishlarda malaka oshirish imkoniyatlari mavjud. Markazda nafaqat korxonamiz, balki bugʻ-gaz qurilmasi bilan rekonstruksiya qilinayotgan barcha IESlar uchun ham kadrlar tayyorlanmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring