Yangi tahrirdagi “Shaharsozlik kodeksi”da ham korrupsiya, tanish-bilishchilik kabi illatlarga sabab boʻluvchi normalar mavjud
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining videokonferensiya tarzidagi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonuni loyihasining ikkinchi oʻqishga tayyorlangan matni deputatlar eʼtiroziga sabab boʻldi.
Shaharsozlik faoliyatida fuqarolar va jamoatchilikning ishtiroki masalasi yetarlicha ochib berilmagan.
Oqibatda: aksariyat hududlardagi “qizil chiziq” masalasi koʻplab muammolarni keltirib chiqarayotgani, ushbu atama doirasida olib borilgan noqonuniy ishlar koʻplab fuqarolarning davlatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini tugʻdirgani kabi holatlar kuzatilib turgan ayni kunlarda, bu holatning davom etishiga turtki boʻladi.
Shaharsozlik faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi masalalari ham yetarli darajada berilmagan. Sohaga oid elektron maʼlumotlar bazasini mavjud emasligi, ochiq axborot portalidan foydalanish va maʼlumotlarning shaffofligini taʼminlash masalalari loyihada yechimini topmagan.
Oqibatda: sohaga korrupsiyaning aralashuviga yoʻl ochishi mumkin.
Shaharsozlik hujjatiga kiritilayotgan oʻzgartirishlarni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish masalasi, yoki muhokamadan oʻtkazish zarurati boʻlmasa hujjatlarni koʻrib chiqmaslik holatlari ochib berilmagan.
Oqibatda: buyurtmachi tomonidan jamoatchilik manfaatiga zid ravishda turli obyektlarni qurishdan avval jamoatchilik tomonidan ilgari surilgan fikrlarni asoslantirmagan holda rad etish imkonini beradi. Shu bilan birga jamoatchilik subyektlarining huquqlari cheklanishi olib kelishi mumkin.
Loyihada ekspertizadan oʻtkazish muddati koʻrsatib oʻtilmagan.
Oqibatda: ekspertiza jarayonini ixtiyoriy muddatga oʻtkazish uchun sharoit yaratib berilishiga olib keladi. Natijada qurilish muddati choʻzilishi va korrupsiyaning kelib chiqishi zamin yaratiladi.
Aholi punktining bosh rejasini amalga oshirish muddati aniq belgilanmagan.
Oqibatda: rivojlanish bosqichlarini amalga oshirishda ziddiyatlarga olib keladi. Bu esa hududning rivojlanishi, investitsiyalarni jalb etish, aholini ish bilan taʼminlashda turli muammolar yuzaga kelishiga sabab boʻladi.
Deputatlar mavjud kamchiliklar boʻyicha “Adolat” SDP fraksiyaning takliflari qonun loyihasida oʻz aksini topishi lozimligi taʼkidlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring