Yangi tahrirdagi shaharsozlik kodeksi: unda jamoatchilik omiliga alohida eʼtibor qaratilmoqda

11:38 29 Iyun 2020 Siyosat
1026 0

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi yangi tahrirda muhokama qilinyapti.

Aytish kerakki, yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksida “aholi punkti”, “shahar”, “shaharcha” va “qishloq (ovul)”, obyektlar turlari, oʻzboshimchalik bilan qurilish qilish, “urbanizatsiya” tushunchasi, shaharsozlik faoliyatida fuqarolar muhokamasi ishtiroki va boshqa shu kabi iboralarga aniq izoh berilmoqda. Qolaversa, loyihada yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini taʼminlaydigan norma aks ettirilmoqda. Aytish joizki mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalar bugungi kunda shaharsozlik va qurilish sohasida mavjud boʻlgan hamda shu kungacha ochiq qolib kelayotgan masalalarga huquqiy yechim boʻladi.

Qonun loyihasini pishiq-puxta holda tayyorlash maqsadida xorijiy tajriba ham oʻrganilmoqda. Xususan, Rossiya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Belorus, Ozarbayjon, Qozogʻiston va boshqa davlatlarda shaharsozlik sohasida qabul qilingan bir qator meʼyoriy-huquqiy aktlar oʻrganib chiqilgan holda loyihaga tegishli normalar sifatida kiritildi.

Masalan partiyaviy nuqtayi nazardan yondashadigan boʻlsak, qurilishga ruxsat berish boʻyicha Prezident Farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan bu boradagi ishlarni soddalashtirish, muddatlarni qisqartirish, qurilishga ruxsatnoma olish oʻrniga xabarnoma joʻnatish orqali qurilishni boshlash hamda oferta shartnomasi tuzish mexanizmi joriy etilishi - tadbirkorlar (investorlar) tomonidan investitsiya kiritish uchun qulaylik yaratiladi. Oʻz navbatida bu korrupsiyani oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasining kuchga kirishi shaharsozlik sohasida mutaxassislarni tayyorlash tizimini yana-da takomillashtiradi. Shuningdek, yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksida jamoatchilik omiliga alohida eʼtibor qaratilayotgani katta yangiliklardan biri boʻldi. Unga koʻra, endilikda, obyektlar, loyihalar qurilishidan oldin jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi va ularning fikri, takliflari asosida ishlab chiqiladi. Bu quriladigan obyektlarning sifatini bevosita nazorat qilishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksi qurilish tizimini elektronlashtirish, unda eng zamonaviy, ilgʻor texnologiyalar, energiya tejovchi qurilish materiallarini qoʻllash, umuman sohani zamonaviy bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qahramon ERGASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер