Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasida qanday yangiliklar aks etmoqda?

15:27 11 Sentyabr 2020 Siyosat
1650 0

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda aholi bandligi masalasida, mehnat munosabatlarini tartibga solish, uning qonunchilik asoslarini takomillashtirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan aytganda, Mehnat kodeksi mehnatga oid munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladigan asosiy qonun hisoblanadi. Lekin qabul qilinganiga 25 yil toʻlgan mazkur kodeks bugungi kun talabiga javob bermay qoldi. Unda fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli xil shakllarining faol rivojlanishi kabi bir qator masalalar hisobga olinmagan. Amaldagi kodeks 294 moddadan iborat boʻlib, unda ishlamaydigan havolaki normalar ham talaygina. Soʻnggi yillarda mehnat bozoridagi vaziyat ham oʻzgardi, qabul qilingan sohaga oid qator normativ-huquqiy hujjatlar asosida koʻpgina yangi institutlarni, yangi mexanizmlarning amaliyotga kiritilganligi kodeksni yangi tahrirda qabul qilish zaruratini tugʻdirdi.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, Hukumatimiz tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasi 2 qism, 34 bob va 621 moddadan iborat.

Qonun loyihasining asosiy jihati u toʻgʻridan toʻgʻri ishlaydigan xususiyatga ega boʻlib, qoʻshimcha qonunosti hujjatlarni qabul qilishni talab qilmaydi.

Loyihada ish beruvchi subyektlar sifatida mulkiy va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar tashkilotlar, yollash huquqiga ega boʻlgan tashkilotlarning alohida tarkibiy boʻlinmalari hamda jismoniy shaxslar belgilanmoqda. Mazkur qoidaning belgilanishi ishchi oʻrinlarining koʻpayishiga, norasmiy sektorda faoliyat olib boruvchi shaxslarning qisqarishiga hamda ularning huquqlarini doimiy ravishda himoya qilinishiga olib keladi.

Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikka oid alohida boʻlimda mazkur munosabatlarning huquqiy asosi ochib berilmoqda. Ijtimoiy sheriklik xodimlar, ish beruvchilar, ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasidagi mehnat va u bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ish beruvchilar va xodimlar manfaatlarini muvofiqlashtirishdagi hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan tizimni nazarda tutadi.

Loyihada nogironligi boʻlgan shaxslarning, oʻrindoshlik asosida ishlovchilarning, kasanachilar mehnatining, masofadan ishlovchi xodimlarning, shuningdek, navbatchilik uslubida ishlayotgan shaxslar mehnatini tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari batafsil bayon etilmoqda.

Bugungi kunda ish beruvchi xodimning ishlash darajasidan qatʼi nazar, uning pensiya yoshiga toʻlishi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi holatlari mavjud. Bu Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat va bandlik sohasidagi kamsitishlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi konvensiyasiga mos kelmaydi. Shuning uchun loyihada xodimning pensiya yoshiga toʻlishi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi chiqarib tashlanmoqda.

Shuningdek, moslashtirilgan ish vaqti rejimi belgilanayotgani qonun loyihasining muhim jihatlaridan. Bu maʼlum bir xodimlar yoki tashkilotning tarkibiy boʻlinmalaridagi xodimlar guruhlari uchun ish kunining boshlanishi, tugashi va umumiy ish kuni muddatini xodimning oʻziga tartibga solishga ruxsat etgan holda ish vaqtini tashkil etish usuli hisoblanadi.

Amaldagi kodeksda boʻlmagan ish bilan taminlash jarayonlarini raqamlashtirish, elektron mehnat daftarchalarini yuritish, mehnat shartnomalarini tuzish va yagona malumot bazasida roʻyxatdan oʻtkazish mexanizmlari ochib berilmoqda.

Mehnat shartnomasining oʻzi bilan nazarda tutilgan asoslar boʻyicha mehnat shartnomalari bekor qilinishi mumkin boʻlgan xodimlar doirasi masofaviy-ishchilar, uyda ishlovchilar, yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlaydigan ishchilar, uy xizmatchilari hisobiga kengaytirilyapti.

COVID-19 pandemiyasiga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirishdan olingan saboqlarni hisobga olgan holda, xodimga qisman ish haqi bilan, lekin eng kam ish haqidan kam boʻlmagan taʼtil berish imkoniyatini belgilaydigan, shuningdek, ish haqi toʻlanmagan taʼtilni 6 oygacha uzaytiradigan meʼyorlarni joriy etish koʻzda tutilmoqda.

Loyihada soʻngi yillarda sohaga oid qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarni hisobga olgan holda individual mehnat munosabatlari va jamoatchilik munosabatlarini tartibga solish bilan bogʻliq boʻlgan huquqiy meʼyorlar toʻplangan. Shuningdek, Mehnat kodeksining qoidalarini xalqaro huquq meʼyorlariga, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikasiya qilingan xalqaro shartnomalarga, fuqarolik, oilaviy va boshqa bir qator huquq sohalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilmoqda. 

Umuman aytganda, ushbu hujjat mazkur sohadagi qator muammolarni, mehnat bozoridagi vaziyatni inobatga olib, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda, qonuniy hal qilishda huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Loyihani maromiga yetkazishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari oʻta masʼuliyat bilan yondashgan holda faollik koʻrsatadilar.

Mavludaxon XOʻJAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер