Yangi Qonun bilan qanday oʻzgartishlar kiritilmoqda?

12:03 19 Iyun 2020 Siyosat
1175 0

“Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni parlament yuqori palatasi beshinchi yalpi majlisida muhokama markazida boʻldi.

Mazkur Qonunda kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni nazarda tutadi.

Xususan, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilinmoqda. Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, mahkuma homilador ayollar va bolasi bor ayollar uchun qoʻshimcha huquqlar kiritilmoqda. Yaʼni mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida toʻrt marta muddati besh sutkagacha boʻlgan uzoq muddatli uchrashuv, shuningdek, manzilli koloniyalarda saqlanayotganlarga esa muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda berilmoqda.

Yana bir jihat. Mahkumlarni jazo oʻtashi davrida adolatli mezonlar asosida ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibi hamda ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash komissiyasining ish faoliyati va ularning aniq vazifalari belgilab berilmoqda.

Shu bilan birga, Qonun bilan jazo muddatini oʻtash davomida mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan choralar kengaytirilmoqda. Mahkumlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularni tintuv qilish vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar asossiz qoʻllanilishining oldi olinmoqda.

Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining 76-moddasi toʻldirilib, mahkumlarning iltimosiga koʻra uchrashuvlari va telefon orqali soʻzlashuvlarini koʻpaytirish hamda video-uchrashuvlar bilan almashtirish tizimi joriy etilmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mazkur Qonun mahkumlarning huquq va erkinliklarini kengaytirish hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер