Yangi Oʻzbekiston ayollari — kuch, mehr va ilhom timsoli

13:36 11 Mart 2026 Jamiyat
578 0

Mart oyi yurtimizga goʻzallik va nafosat ruhini olib kirdi. Bahor nafasi bilan uygʻunlashgan bayramona kayfiyat butun mamlakatimizga yoyilib, qalblarga quvonch ulashdi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan, ilm-fan, taʼlim, madaniyat, tibbiyot, tadbirkorlik va boshqa koʻplab sohalarda oʻzining isteʼdodi, zakovati va qatʼiyati bilan yurt ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgan ayollarimiz bugun jamiyatimizning eng katta tayanchi, maʼnaviy kuchi sifatida eʼtirof etilmoqda. Ular mehnati, mehri va matonati bilan oilalarga fayz, jamiyatga baraka olib kirmoqda.

8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq jamiyatimiz ravnaqi yoʻlida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan opa-singillarimizdan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu eʼtirof ularning yillar davomida qilgan mehnatiga berilgan munosib bahodir. Ayni paytda bu yurtimizda ayol zotiga boʻlgan yuksak hurmat va eʼtiborning yana bir ifodasidir.

Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi Koʻksaroy qarorgohida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda davlatimizning nufuzli orden va medallari bilan taqdirlangan opa-singillar hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga munosib koʻrilgan iqtidorli qizlar jam boʻlishdi.

Tantanali marosimda muhtaram Prezidentimiz ishtirok etib, yurtimizdagi barcha ayollarni bayram bilan samimiy qutladi. Ularga sihat-salomatlik, baxt-saodat va yangi yutuqlar tiladi. Mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida mehnat qilayotgan soha fidoiylari, bilimga chanqoq, iqtidorli qizlar davlatimiz rahbari qoʻlidan yuksak mukofotlarni qabul qilib oldilar.

Bu lahzalar zalda oʻtirgan har bir inson qalbida alohida hayajon uygʻotdi. Mukofot sohibalarining koʻzlarida quvonch, yuzlarida minnatdorlik va faxr tuygʻusi namoyon edi. Ular uchun bu kun nafaqat katta eʼtirof, balki hayotlarida unutilmas, yuraklarda muhrlanib qoladigan qutlugʻ bir voqeaga aylandi.

Klara TOSHPOʻLATOVA,

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining texnik boʻlimi standartlash boʻyicha yetakchi muhandis-texnologi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi:

— Ayol nozik xilqat boʻlishiga qaramay, katta va masʼuliyatli ishlarni ham yelkasiga qoʻrqmay oladi. Zimmasiga yuklangan vazifani sidqidildan ado etishda uning sabri, matonati va irodasi baʼzan togʻlarni ham talqon qilgulik.

Bu haqiqatni oʻz hayotim va mehnat faoliyatim orqali yanada teran his etib kelyapman. Agar inson kasbini sevsa, mehnatidan zavq olsa, ishning ogʻirligi sezilmaydi. Men uchun ham muhandis-texnolog sifatidagi faoliyatim hayotim mazmuniga aylangan. Bu jamoada qariyb qirq yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelyapman.

Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida orden bilan taqdirlanganim mehnatimga berilgan yuksak baho, ayni paytda men uchun katta sharaf va masʼuliyatdir. Ayniqsa, ushbu mukofotni Prezidentimiz qoʻllaridan qabul qilib olganim hayotimda unutilmas, hayajonli va baxtli onlardan biri boʻldi. Oʻsha lahzalarda qalbimni qanday tuygʻular chulgʻab olganini soʻz bilan toʻliq ifoda etish qiyin. Quvonchdan koʻnglim toʻlqinlanib ketdi. Bu eʼtibor menga yanada kuch-gʻayrat bagʻishladi.

Ona va ayol sifatida bu ehtiromni umrim davomida unutilmas, hayotimning mazmunli va faxrli onlari sifatida qadrlab, qalbim toʻrida asrayman.

 

Oliya IBRAGIMOVA,

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining 1-Gidrometallurgiya zavodi kran mashinisti, “Doʻstlik” ordeni sohibasi (Navoiy viloyati):

— Onamning aytishicha, men tugʻilganimda otam cheksiz quvonib, “Bu bolam boshqalarga oʻxshamaydi, hali el-yurt manfaati yoʻlida katta ishlar qiladi”, deb niyat bildirgan ekan. Men bu gaplarni keyinroq eshitganman. Ammo vaqt oʻtib, hayotimga nazar tashlasam, goʻyo otamning oʻsha ezgu niyatlari yoʻlimga yorugʻlik berib turganday tuyuladi.

Bolaligimdagi qiziqish meni kran mashinisti kasbiga yetakladi. Koʻpchilik bu kasbni ayol kishi uchun ogʻir, masʼuliyatli deb oʻylaydi. Rostdan ham, boshida qiyinchiliklar, hatto biroz qoʻrquv ham boʻlgan. Baland kran tepasida turib yuk koʻtarish oson ish emas. Ammo qiziqishim hamda mehnatga ishonchim menga kuch berdi.

Shu kasbimda yigirma yildan beri mehnat qilib kelyapman. Jamoamizdagi yagona ayolman. Lekin ish paytida bu hech sezilmagan. Erkaklar bilan yelkama-yelka turib, bir maqsad yoʻlida faoliyat yuritamiz.

Mehnatim “Doʻstlik” ordeni bilan siylangani men uchun ulkan faxr. Bu meni yanada masʼuliyat va katta ishonch bilan ishlashga undaydi. Faoliyatimning yuksak eʼtirofini otamning ezgu niyatlari roʻyobi, deb bilaman.

Ordenni Prezidentimiz qoʻllaridan qabul qilib olishim hayotimdagi eng baxtli, hayajonli onlar boʻldi. Koʻnglimni faxr va shukronalik tuygʻulari qamrab oldi. Bu men uchun keyin ham yanada shijoat bilan ishlashimga, jamoam bilan yangi marralarni zabt etishga katta ilhom beradi.

 

Muqaddas ATAYEVA,

Urganch shahridagi yakka tartibdagi tadbirkor, gul yetishtiruvchi, “Shuhrat” medali sohibasi (Xorazm viloyati):

— Baʼzan katta ishlar kichik orzudan boshlanadi. Shu maʼnoda, bir paytlar tomorqamning bir chekkasiga shunchaki bir nechta gul koʻchati ekkandim. Oʻsha paytda bu ish bunchalik kengayib ketadi deb oʻylamagan ham edim. Yillar oʻtib qarasam, tomorqamning bir qarich yeri ham boʻsh qolmabdi.

Issiqxonani 2018-yilda tashkil qilganmiz. Oʻsha paytlarda 50 ming dona gul urugʻini ekib, ishni ikki-uch nafar ayol bilan boshlagandik. Hozirda mahallamizning 10 — 15 nafar ayoli bilan mehnat qilmoqdamiz.

Xorazm tuprogʻi ancha shoʻr. Bu yerda dehqonchilik oson emas. Ammo harakatda boʻlgan odam yoʻlini topadi. Bilimimiz va tajribamizga tayanib, tuproqqa ishlov berib, gul yetishtirish sirlarini oʻrgandik. Har bir koʻchatga goʻyo farzanddek qarab, onalik mehri bilan parvarishlayapmiz.

Mana shunday katta maqsadlar yoʻlida astoydil javlon urib ishlayotgan kech shom payti issiqxonada gul koʻchatlari parvarishi bilan band edim. Dugonalarim birin-ketin telefon qilib tabriklashni boshlashdi. Sababini bilgach esa ham hayron, ham lol qoldim: axir, yurtimizning shunday yuksak mukofotiga sazovor har qanday insonga katta hayajon va cheksiz quvonch bagʻishladi-da! Bu eʼtirof qalbimni toʻlqinlantirib, zimmamga yanada katta masʼuliyat yuklaganini his etdim.

 

Gulsara ShERMATOVA,

Toshkent shahar Markaziy maydonlarni obodonlashtirish boshqarmasining koʻkalamzorlashtiruvchi-gul ekuvchisi, “Shuhrat” medali sohibasi:

— Baʼzan gul ekib turgan paytimda bolaligim yodimga tushadi. Onamning qora mehnatdan qadoq boʻlgan qoʻllari doim koʻz oldimda. U paytlarda ayollarning mehnatiga bunchalik eʼtibor berilmasdi. Onam umri boʻyi ishladi, lekin ehtirom va eʼzoz degan tuygʻuni u qadar his qilmagan, desam yolgʻon emas. Shuning uchun ham bugungi kunlarda ayollarga koʻrsatilayotgan qadrni koʻrganimda qalbim juda toʻlqinlanadi.

Men oʻz ishimda 15-yildan beri faoliyat yuritib kelyapman. Toshkent koʻchalari, maydonlari gulga toʻlib turganini koʻrsam, qalbimda bir iliqlik paydo boʻladi. Chunki u gullarning orasida mening ham mehnatim bor.

“Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim haqidagi xabarni eshitganimda poytaxtimizdagi “Adiblar xiyoboni”da gul ekib yurgan edim. Ishxonamiz devonxona boʻlimidagilar xabarni aytishganda, bir lahza gap topolmay qoldim. Qalbimda shunday hayajon paydo boʻldiki, koʻzlarimga yosh keldi. Qoʻlimdagi gul koʻchatlariga qarab turib, bu mehnatlarim qadr topganini his etdim. Bu qadr faqat menga emas, yillar davomida mehnat qilib kelgan onamga va onam kabi zahmatkash ayollarga ham berilgan eʼzozdek tuyuldi.

Gullar orasida ishlab yurib bir haqiqatni tushundim. Inson mehr bilan mehnat qilsa, yer ham unga baraka beradi. Shuning uchun har kuni ishga katta ishtiyoq bilan kelaman. Chunki men ekib ketgan gullar ertangi kunning goʻzalligiga aylanadi.

 

Laylo SHARIPOVA,

Buxoro davlat pedagogika instituti professori, filologiya fanlari doktori (DSc), “Shuhrat” medali sohibasi:

— Shogirdlarimizdan biri kechki payt qoʻngʻiroq qilib qoldi: “Davlat rahbarining eʼtirofi muborak boʻlsin!” Bir lahzada umrim sahifalari; maktabda, oliy taʼlimda saboq bergan; ilmiy va badiiy ijod sirlari bilan oʻrtoqlashgan ulugʻ ustozlarim, ota-onam, qaynona-qaynotam koʻz oldimdan oʻtdi. “Mehnat qil, izlan, intil, qadr topasan”, deganlariga rioya etib yashadim. 1990-yildan hozirgacha, 35-yildirki, talabalarga bilim ulashaman. Hayotim navqiron avlodga taʼlim-tarbiya berish bilan oʻtayotganiga shukr. Anglaganim shuki, bitta boʻr va bitta doska koʻmagida ham saboq bera olish mumkin. Ammo zamondan, dunyodan orqada qolib boʻlmaydi. Yoshlar bilan hamnafas, hammaslak boʻlmasangiz, oʻqitasizu uqdira olmaysiz. Shu sababdan fanlarni oʻqitishda nazariya va amaliyot birligi muhim, fanlar integratsiyasi, innovatsion texnologiyalar ishtiroki shart.

Uchinchi Renessans dunyoni zalolatdan qutqarishidan, bu Uygʻonishning oʻzagi yana bizning Vatanimizda ekanidan umidvorman. Yosh avloddagi shiddat va gʻayratni katta avlod ilmi hamda tajribalari bilan boyita bilsak, bas! Taʼlimdagi yakrang shaklni jiddiygina isloh qilishimiz kerak.

Mukofotlanganim masʼuliyatimni yanada oshiradi. Men bor salohiyatimni, ilmimni, ustozlik tajribamni taʼlim-tarbiya rivojiga sarflayveraman. Bu yoʻlda ilmiy va badiiy ijod bilan shugʻullanishim koʻmakka keladi, deb ishonaman.

 

Salima XURAMOVA,

Gʻuzor tumanidagi “Gʻuzor qorakoʻlchilik” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh choʻponi, “Shuhrat” medali sohibasi (Qashqadaryo viloyati):

— Inson hayotida baʼzan oddiy bir saboq katta rol oʻynaydi. Qaynotam Zayqul bobo Aberov umr boʻyi choʻponlik qilib oʻtgan. U kishining yonida yurib, qoʻy-qoʻzilarni qanday parvarishlashni, mehnatning qadrini, sabrni oʻrgandim. Qoʻllaridagi choʻpon tayogʻi goʻyo bir maktab edi. Shu tayoqni qoʻlimga olib, bobomning ishini davom ettirib, chorvachilik bilan shugʻullanishga mehr qoʻydim.

Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumani, Eshonquduq qishlogʻida 22-yildan buyon chorvachilik bilan shugʻullanib kelmoqdamiz. Hozirgi kunda xoʻjaligimizda 200 bosh qorakoʻl qoʻyi bor. Buning ortida yillar davomidagi mehnat, sabr va umid yotibdi.

Chorvachilik oson kasb emas. Qishning sovugʻi, yozning issigʻi, izgʻirin shamollar — barchasini koʻrib kelganmiz. Ayniqsa, soʻnggi besh yildagi qurgʻoqchilik choʻponlar uchun ancha sinovli davr boʻldi. Lekin sabr qildik, mehnatdan qochmadik. Bu yil shukrki, yomgʻir-qorlar moʻl boʻldi. Dalalarda oʻtlar yaxshi unmoqda. Bu barakadan, rizq-roʻzdan darak.

Oilam — eng katta tayanchim. Toʻrt nafar farzandim bor: bir qiz, uch oʻgʻil. Qizim turmushga chiqqan, ikki farzandi bor. Katta oʻgʻlim Farmon Zayqulov hozir menga yordamchi. Choʻponlik sirlarini oʻrganyapti. Kelinim Diyora Normurodova ham yonimda turib, ishlarda koʻmakdosh.

Mukofotga sazovor boʻlganimni eshitib, “Yoʻgʻ-ye” deya hayratlandim. Roʻyxatda oʻz ismimni koʻrganimda, bir lahzada barcha qiyinchiliklar esdan chiqib ketdi. Yillar davomidagi mehnat, charchoq, tashvishlar goʻyo bir zumda orqada qolgandek boʻldi. Chindan ham, choʻpon sifatida mehnatimiz sahroda oʻtadi. Lekin uning ortida katta rizq, katta baraka bor.

Prezidentimizning bayram tadbiridagi nutqini tinglab, juda sevindim. Yurtimizda ayollarni eʼzozlash ulugʻ qadriyatga aylangani bizning baxtimizdir.

 

Ulugʻbek ROʻZIMATOV

(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер