Yangi yil archasini qayerga oʻrnatgan maʼqul?

15:52 24 Dekabr 2018 Jamiyat
5743 0

Illyustrativ foto

Koʻpchilik yangi yilga oldindan tayyorgarlik koʻrib, archani bezatish uchun turli oʻyinchoqlar xarid qiladi, deb xabar bermoqda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

IIV quyidagi yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilishni unutmaslikni soʻragan:

- oʻquv yurtlarda va tashkilotlarda archani binolarning 1-qavatidagi keng xonalarga oʻrnatilishi, unda xonaning kamida ikkita chiqish joyi boʻlishi shart;

- oʻtish joylarini sunʼiy ravishda toraytirish, u yerlarga qoʻshimcha oʻtirish uchun jihozlar oʻrnatish va belgilangan meʼyordan koʻp odamlar bilan xonalarni toʻldirish mumkin emas;

- muassasa rahbarlari tantana boshlanishi oldidan yoritgichlar sozligini, elektr sim va kabellar ulanishi “Elektr uskunalarini tuzilish qoidalari” asosida bajarilganligini, yongʻinni oʻchirishga moʻljallangan birlamchi vositalari mavjudligini va ularni ishga yaroqliligini tekshirib koʻrishlari shart;

- yangi yil bayram tadbirlari oʻtkaziladigan obyektlarda archa mustahkam qilib oʻrnatilishi, shoxlari devor va shiftlarga tegmasligi, sifat sertifikatiga ega boʻlmagan elektr girlyandalari va tez alangalanuvchi buyumlar bilan bezatilmasligi qattiq nazoratga olinishi zarur;

- archa qogʻoz, selluloid oʻyinchoqlar, paxta va tez yonuvchi materiallar bilan bezatilishi mumkin emas;

- archani isitish moslamalari yonida oʻrnatmaslik kerak;

- bayram marosimlari vaqtida turli mushak va boshqa pirotexnika buyumlaridan foydalanish taqiqlanadi;

- bolalarni archa atrofida va archa oʻrnatilgan xonada qarovsiz qoldirish hamda ularni tez yonuvchi materiallardan tayyorlangan kiyimlar bilan yasantirish mumkin emas;

- tadbir vaqtida ochiq olovdan foydalanish va shunga oʻxshash yongʻin yoki portlash xavfi bor ishlarni amalga oshirmaslik zarur;

- nosoz elektr oʻchirgich, rozetka, turli maishiy elektr jihozlardan hamda tashqi himoya qobiqlari shikastlangan yoki zararlangan elektr sim va kabellardan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi.

Agarda yongʻin alomati sezilsa, avvalo yosh bolalarni xavfsiz joyga chiqarib, zudlik bilan “101” raqamiga qoʻngʻiroq qilish kerak.

Ayniqsa, qishning sovuq kunlarida xonadonda yongʻin chiqmasligi uchun nosoz gaz va elektr moslamalari hamda qoʻlbola isitish uskunalaridan foydalanish kerak emas.

“Yongʻin tasodifiy yoki oʻz-oʻzidan kelib chiqadigan kimyoviy holat emas, balki u kimningdir aybi bilan yuzaga keluvchi baxtsiz hodisadir. Ana shu baxtsizlikning oldini olish esa har bir kishining oʻz qoʻlida. Oʻz yashash va ish joylaringizda yongʻin xavfsizligi qoidalari talablarini soʻzsiz bajarilishini taʼminlang. Ana shunda yongʻin kelib chiqmaydi va uning oldi olingan boʻladi”, - deyiladi IIV xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер