“Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida ijtimoiy loyiha amalga oshirildi
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yillik bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, uning hududiy kengashlari hamda tarmoq kasaba yushmalari Respublika kengashlari tomonidan tizimli tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Toshkent shahar kengashi tomonidan “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida ijtimoiy loyiha amalga oshirildi.
Loyiha doirasida sogʻliqni saqlash tizimidagi tashkilot va muassasalarda, shuningdek, tarmoq kasaba uyushmasi tizimida koʻp yil mehnat qilgan hamda faoliyatlari davomida soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, inson qadrini ulugʻlash ishlariga munosib hissa qoʻshgan mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ular xolidan xabar olindi.
Boy hayotiy tajribaga ega bu kabi insonlar bilan uchrashuvlar davomida ularning el-yurt ravnaqi, Vatan taraqqiyoti, aholi salomatligini saqlash yoʻlida amalga oshirgan ishlari, aholi sogʻligʻini saqlash borasidagi koʻp yillik beminnat xizmatlari alohida qayd etildi.
Oʻz hamkasblari oʻrtasida chuqur hurmatga sazovor boʻlgan va hozirda keksalik gashtini surayotgan faxriylar Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash yoʻlida Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan tub islohotlar va ularning samarasini, soʻnggi yillarda yurtimizda yoshi ulugʻ insonlarni qadrlash masalasiga yuksak eʼtibor qaratilayotganini alohida eʼtirof etdilar.
Shuningdek, bugungi dorulomon kunlar uchun shukronalar aytib, mamlakatimizda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlarimiz bardavom, turmushimiz farovon, mustaqilligimiz abadiy boʻlishini tiladilar.
Ijtimoiy loyiha doirasida tarmoq tizimida mehnat qilgan faxriylar kasaba uyushmalari tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring