Yana Oqtoʻbe yoʻllari. Oʻnlab oʻzbekistonliklar muzlab qolgan avtobusdan qutqarib qolindi(video)
Qozogʻistonnning Oqtoʻbe(Aktyubinsk) viloyati hududidan oʻtgan Samara-Chimkent avtomobil yoʻlida xorijliklarni olib ketayotgan avtobus buzilib qolgan. Bu haqda viloyat politsiya departamenti xabar berdi.
Politsiya maʼlumotlariga koʻra, avtobusda ort ilgagi(podveska) ishdan chiqqan. Oqibatda payvandlash ishlariga ehtiyoj tugʻilgan. Salonda esa 54 kishi boʻlgan. Ulardan 50 nafari Oʻzbekiston, toʻrt nafari Tojikiston fuqarolaridir.
Ushbu avtobus Rossiyaning Perm shahriga ketayotgani maʼlum boʻldi.
Qayd etilishicha, transport vositasi buzilib qolib, trassada bir necha soat qolib ketgan. Odamlar esa sovuq salonda muzlay boshlagan.
Politsiyachilar barcha yoʻlovchilarni yaqin oradagi avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasiga olib borgan. U yerdagi kafeteriyda jabrlanganlarga issiq choy berilgan. Politsiyachilar shundan soʻng payvandlash qurilmasini topib berib, nosozlikni bartaraf etishga yordamlashishgan.
Tuzatilgan avtobus bir necha kilometr yurib, yana, bu safar Irgiz tumanida buzilib qolgan. Bu gal esa politsiyachilar favqulodda vaziyatlar departamenti xodimlari bilan hamkorlikda avtobusni yoʻlovchilari bilan birga kempingga olib kelishgan. Shundan soʻng avtobus qayta taʼmirlanib, Qiziloʻrda viloyati chegarasigacha kuzatib qoʻyilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring