Yana bir davlat rahbari koronavirus bilan zararlangani maʼlum boʻldi

21:59 05 Yanvar 2021 Dunyo
1133 0

Londonda Yangi yil taʼtilini oilasi bilan oʻtkazayotgan Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan koronavirus yuqtirib olgan.

Bu haqda mahalliy “Hraparak” gazetasi prezident devoni maʼlumotiga tayanib xabar bermoqda.

«Prezident Armen Sarkisyan Yangi yilni Londonda oilasi va nabiralari bilan kutib oldi. 3-yanvar kuni u oyogʻidan jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli oʻtkazdi. Ammo prezidentda koronavirus alomatlari paydo boʻldi va bu u topshirgan testda ham isbotlandi. Hozir prezident oʻzini izolyatsiyaga olgan va vaqtincha masofadan turib faoliyatini davom ettiradi», deyiladi Armaniston prezidenti devoni bayonotida.

Armen Sarkisyan 2018-yilda prezident etib saylanishidan oldin turli yillarda Armanistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi boʻlib faoliyat olib borgan. Shu bois uning oilasining bir qismi hali ham Londonda yashaydi.

Armanistonda soʻnggi 24 soat ichida koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 324 nafarga koʻpayib, 160 544 kishiga yetdi. Oʻtgan 24 soat ichida koronavirus bilan kasallangan 14 bemor vafot etgan va hayotdan koʻz yumganlar soni 2878 kishiga yetdi.

Armanistonning jami aholisi 2,9 million kishini tashkil etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер