Yana avtolizing bilan bogʻliq muammo
Illyustrativ foto
“2018-yil 14-oktyabr kuni meni mobil telefonimga SMS keldi. SMSni oʻqib koʻrsam, 1 yildan 5 yilgacha muddatga, yillik 8% dan 16 % gacha, 30 % oldindan toʻlov bilan avtomobil va uy-joylarni olib beramiz, degan xabarni oʻqidim. Telefon orqali “Umid avtolizing” bilan bogʻlanib kerakli maʼlumotlarni oldim. Shundan soʻng 2018-yil 1-dekabr kuni Fargʻona shahridagi “Umid savdo fayz invest” MCHJga bordim”, - deb boshlanadi Rishton tumanida yashovchi M.Matkarimovning Fargʻona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan yozma murojaati.
Fargʻona shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan isteʼmolchi murojaati tegishli tartibda oʻrganish ishlari olib borilganda, yuqoridagi masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan 01.12.2018-yilda imzolangan 3/F-10-sonli shartnomaga asosan “Damas” rusumli avtomobil uchun 30 foizli oldindan toʻlovni 33 500 000 (oʻttiz uch million besh yuz ming) soʻmni toʻlaganligiga qaramasdan avtomobilni kelishilgan muddat, yaʼni 3-4 oy ichida emas, balki shu kunga qadar olmaganligi maʼlum boʻldi.
Jamiyat xodimlarining harakatlari sabab kuni kecha isteʼmolchi M.Matkarimov ijrochi tomonidan uning oldindan toʻlagan mablagʻi toʻligʻicha bank plastik kartochkasiga oʻtkazib berilganligini maʼlum qildi. Shu oʻrinda Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi uyali aloqa kompaniyalari orqali kelayotgan lizing xizmatlari toʻgʻrisidagi SMS larning barchasi ishonchli emasligi xususida ogohlantiradi!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring