“Yalpiz” restoranining faoliyati toʻxtatildi
Poytaxtimizning Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli koʻchasi 59-uyda istiqomat qiluvchi aholidan Toshkent shahar hokimligiga murojaat kelib tushgan. Unga koʻra, koʻp qavatli uyning birinchi qavatida joylashgan “Yalpiz” restorani oʻz faoliyati bilan shu uy aholisiga qator noqulayliklar keltirishi aytilgan.
Xususan, restoranning uy hovlisida joylashgan xoʻjalik qurilmasida restoran rahbariyati tomonidan oshxona tashkil qilinib, restoran dudboʻronlari, konditsionerlar qatorida taomlarni tayyorlash uchun issiqlik uskunalari, shu jumladan mangal oʻrnatilgani, mangal koʻmirda yoqilishi va bu koʻp qavatli uy uchun yongʻin xavfini keltirib chiqarishi vaj qilingan.
Shuningdek, bevosita aholi derazalariga yaqin joylashgan dudboʻronlardan chiqayotgan shovqin va qovurilgan taomlarning hidi, aholi uchun katta noqulaylik tugʻdirishi aytilgan. Bundan tashqari, restoran xodimlari tomonidan uy hovlisida chiqindilar tashlab ketilishi keltirilgan.
Ushbu holat Toshkent shahar hokimligining nazoratiga olindi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Toshkent shahar boshqarmasi yordamida tegishli oʻrganish va tekshiruvlar olib borildi.
Natijada, 25-noyabr kuni umumiy ovqatlanish maskanining rahbariyati tomonidan faoliyatda qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlanib, ularni belgilangan muddat ichida bartaraf etish majburiyati yuklandi. Shu jumladan, Shota Rustaveli koʻchasi, 59-uy hovlisida joylashgan uskunalarni boshqa, aholiga noqulaylik tugʻdirmaydigan joyga koʻchirish belgilandi va restoranning faoliyati kamchiliklar bartaraf etilishiga qadar toʻxtatildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring