XIX asrda Buxoro amirligida tarqalgan vabo qanday bartaraf etilgandi?
Arxiv surat
Bugungi kunda jahon hamjamiyati qatorida Oʻzbekiston ham koronavirusga qarshi jiddiy kurashmoqda. Shu oʻrinda, tarixda kechgan bu kabi ofatlarni yengish amaliyoti barchamiz uchun qiziq va muhimdir.
Oʻzbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan, Buxoro amirligining XIX asr oxiriga oid hujjatlaridan maʼlum boʻlishicha, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishning eng toʻgʻri va samarali yoʻli bu — davlat tomonidan jamoaviy tadbirlarni oʻtkazishni vaqtinchalik cheklash (chilla), odamlar bilan keng doiradagi ijtimoiy muloqotlarni kamaytirish (oʻzini oʻzi yakkalash), saranjom-sarishtalik, tozalik qoidalariga rioya qilish va oʻz vaqtida shifokorlarga murojaat etish boʻlgan.
Hujjatlardan birida keltirilishicha, Buxoro amirligi bilan qizgʻin savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilgan Hindistonning Mumbay shahrida, Afgʻonistonning Hirot, Kobul shaharlari va Qandahor viloyatida vabo keng tarqalib ketgani maʼlum boʻladi. Ushbu holatni eʼtiborga olib, Buxoro hukmdori bir qator choralarni koʻrishni amr etadi. Jumladan, uning farmoniga koʻra, Amudaryo va Panj daryolari atrofida joylashgan bandarlarga kirib kelgan kemalar nazoratga olinib, ulardan tushadigan odamlarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun chegaralarga shifokorlar bilan birga maxsus qorovullar qoʻyilgan.
Boshqa bir hujjat — Buxoro amiri nomiga Fozilbekdan kelgan maktubda Kelif qoʻrgʻonidagi (hozirgi Turkmaniston) kemachilar jamoasi orasida vabo tarqalgani va kuniga 1-2 kishi vafot etayotgani toʻgʻrisida maʼlumot berilgan. Shu sababdan, kemalarda kirib kelayotgan mahsulot va odamlarni qatʼiy nazoratga olishga izn soʻralgan. Tez orada, amirning farmoniga koʻra, kemalar toʻxtash joyida maxsus qorovullar qoʻyilgan va kelgan odamlarni chillada ushlab turish amaliyoti joriy etilgan.
Yana bir hujjatga koʻra, Alixon qorovulbegi Buxoro amiriga hisobot yuborib, unda Tiflis viloyatidan Karmana poyezd bekatiga kelgan odamlarni chillada ushlab turish va tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlariga yordam berish maqsadida 65 askardan iborat qorovullar jalb etilgani, ular uch qismga boʻlinib, har uch kunda navbat almashib ishlayotgani maʼlum qilingan. Biroq olib borilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, 1892-yilning yozida Buxoro amirligi hududida vabo baribir tarqagan. Aholiga tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida davlat xazinasidan 6 ming tanga ajratilib, shundan 900 tangasi tibbiy yordamga muhtoj oilalarga berilishi, qolgan qismi esa dori-darmon sotib olish va tozalash tadbirlari (dezinfeksiya) ishlariga sarflanishi toʻgʻrisida farmon imzolangan.
Kasallik bilan kurashishda tabiblar faol ishlar olib borganlar. Ular qishloqlarda yurib, aholiga beminnat tibbiy yordam koʻrsatganlar. Jumladan, Mullo Abdurasulxoʻja, Mullo Ismatulla, Qori Mulla Rahmatulla va Mulla Sulton Muhammad kabi tabiblarning Buxoroning sharqiy qismida olib borgan faoliyati davlat tomonidan keng ragʻbatlantirilgan. Tabiblarga xizmat haqi toʻlash bilan birga, turli sovgʻalar ham tuhfa qilingan.
Vaboga qarshi kurashishda mahalliy tabiblar bilan birga, malakali rus shifokorlarini jalb etish uchun 3500 tanga ajratilgan. Shunday feldsherlardan biri Stanislav Stalevskiy boʻlgan. U amirning taklifiga koʻra, 1892-yil 5-iyulda Buxoroga vaboga qarshi kurashish uchun xizmat safariga yuborilgan. Feldsher oʻz xizmat vazifalarini sidqidildan amalga oshirganligini Buxoro amiri yuksak baholab, 1893-yil 18-avgustda uni katta oltin medal bilan taqdirlagan.
Shifokorlar aholining tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida joylarda har xil tadbirlar olib borganlar. Shuningdek, amirlikda tarqalgan vabo haqida yozma eʼlonlar tarqatilib, ularda shifokorlarning aholiga epidemiyaga qarshi kurashish boʻyicha tavsiyalari, bemorlarga birinchi tez yordam koʻrsatish tartibi, shaxsiy tozalik qoidalari, bemorlar bilan yaqin muloqotni cheklash hamda ularning buyum va idishlaridan foydalanmaslik boʻyicha maʼlumotlar berilgan.
Bundan tashqari, vaboning belgilari, tarqalishi va unga qarshi birinchi tibbiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida risola shaklida maxsus yoʻriqnoma ham chop etilgan. Risolada kasallikni davolash usullari, aholi turar joylari va jamoat joylarni zararsizlantirish (dezinfeksiya qilish), bemorlarga tavsiya etilgan dori-darmon turlari va kasallik bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar ham batafsil bayon qilingan.
Oʻz navbatida, aholining boy qatlami ehtiyojmand insonlarga begʻaraz moddiy yordam koʻrsatish, xayr-ehson qilish va zakot toʻlash ishlarini ham olib borganligini qayd etish joiz. Umuman olganda, ommaviy tarqalgan kasalliklarga qarshi kurashishda, avvalo, aholining tibbiy madaniyatini oshirishdan boshlab, tegishli tozalik tartib-qoidalarini joriy etish, malakali shifokorlarni keng koʻlamda jalb etish va ularni ham moddiy, ham maʼnaviy ragʻbatlantirish ishlari oʻz samarasini bergan.
Demak, yuz oʻttiz yilcha burun, hali ilm-fan bugunchalik taraqqiy etmagan paytlarda ham ajdodlarimiz oʻzlarini saqlash uchun shuncha harakat qilgan ekanlar, buguni avlod — XXI kishilari boʻla turib, “tojli ogʻu”ga qarshi davlatimiz olib borayotgan barcha chora-tadbirda faol qatnashish har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir. Prezidentimiz oʻz murojaatida taʼkidlaganidek, shu sinovli damlarda har bir oʻzbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo oʻzimiz masʼulmiz.
Muhayyo ISOQOVA, OʻzRFA Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring