Volontyorlik faoliyati huquqiy asoslari takomillashtiriladi

19:31 27 Iyun 2023 Siyosat
2100 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Joriy yilning 27 iyun kuni Oliy Majlis Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Unda senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, ekspertlar, shuningdek xalq deputatlari mahalliy kengashlari doimiy komissiya raislari, Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarma boshliqlari hamda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etdi.

Senatorlar dastlab Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilishi rejalashtirilayotgan masalalarni ko‘rib chiqdi. 

Ta’kidlanganidek, respublikamizda volontyorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, davlat organlarining volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar bilan hamkorligini kuchaytirish, ijtimoiy vazifalarni hal etishda volontyorlarga ko‘maklashish, ularning xizmatlarini e’tirof etish hamda taqdirlash  mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo etadi. 

Qo‘mita majlisda muhokama qilingan “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ana shu maqsadda ishlab chiqilgan.

Qonunga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning bajarilishini ta’minlash, shuningdek, ushbu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu Qonun bilan Yoshlar ishlari agentligini volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilash, uning mazkur sohadagi vakolatlarini aniqlashtirish, shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash va unga ko‘maklashish bo‘yicha vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonun muhokamasi jarayonida Senat a’zolari yurtimizdagi volontyor yoshlar, volontyorlik guruhlari, tashkilotlari faoliyatini keng targ‘ib qilish, saflarini kengaytirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qanday choralar ko‘rilayotgani,  volontyorlik faoliyati yuzasidan maqsadli davlat dasturlari ishlab chiqilgani, ular qanday natijalar berayotgani, korporativ volontyorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar hamda aniq maqsad va rejalar mavjudligi bilan ham qiziqdilar.

Muhokama yakuni bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер