Vladimir Norov  AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokara olib bordi

10:26 13 Dekabr 2022 Siyosat
527 0

Foto: Tashqi ishlar vaziriligi

Joriy yilning 12-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qoʻshma Shtatlari davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar olib bordi.

AQSH Davlat departamenti rahbari diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yilda Strategik sheriklik muloqotning ikkinchi yigʻilishini oʻtkazilishi alohida ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Mazkur mexanizm nafaqat ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari boʻyicha fikr almashish, balki muloqotning ustuvor yoʻnaishlarini belgilab olishga imkon beradi.

E.Blinken Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, Amerika tomoni ularni amalga oshirish jarayonida har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi. AQSH Davlat departamenti rahbari respublikaning inson huquqlarini himoya qilish, shu jumladan diniy erkinliklarni taʼminlash, odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga barham berish borasida erishgan yutuqlarini alohida taʼkidladi.

Davlat kotibi Oʻzbekiston tomonidan Markaziy Osiyoda oʻzaro ishonch va anglashuv muhitini mustahkamlash yoʻlida olib borilayotgan mintaqaviy siyosatga yuksak baho berdi. Ayniqsa, E.Blinken Oʻzbekistonning Qirgʻiziston bilan davlat chegarasini demarkatsiya qilish toʻgʻrisidagi bitimga erishganini olqishladi.

— Menimcha, bu mintaqadagi va undan tashqaridagi koʻpchilikka bunday masalalarni hal qilishda diplomatiya imkoniyatlarining ahamiyati toʻgʻrisida kuchli signal yuboradi, - dedi Davlat departamenti rahbari.

Savdo, investitsiyalar, fan va taʼlim, transport va logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirishdan tomonlarning manfaatdorligi taʼkidlandi.

Ikki tomonlama darajada, “C5+1” mintaqaviy formati va xalqaro tashkilotlar doirasidagi rejalashtirilgan tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер