Vetnamda xorazmlik fermerlar mahsulotlariga talab ortmoqda

Urganch tumanidagi “Tashabbus Do‘rman” fermer xo‘jaligi tomonidan Vetnamga 1,5 million AQSh dollarilik mosh eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Ushbu kelishuvga bir guruh vetnamlik ishbilarmonlarning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida erishildi.
“O‘zmilliybank” qoshidagi Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Xorazm filiali tomonidan tashkil etilgan mazkur safardan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, xususan, viloyat eksport salohiyatini oshirish, fermer va tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan raqobatdosh mahsulotlar bilan xorijiy hamkorlarni kengroq tanishtirish iborat edi.
— Olib borilgan muzokaralarimizdan so‘ng vetnamlik ko‘plab ishbilarmonlar sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishga qiziqish bildirishdi, — deydi Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Xorazm filiali rahbari Otabek Atamuratov. — Shunday keyin ularni yurtimizga taklif qildik. Xorijiy hamkorlar tashrif davomida Urganch tumanidagi qovun, sabzi va anorni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan “Xorazm qovunlari” MChJ, moshni qayta ishlab, qadoqlash yo‘lga qo‘yilgan “Tashabbus Do‘rman” fermer xo‘jaligi, Urganch shahridagi kunjutni qayta ishlaydigan “Splesh Urgench” MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishishdilar. Natijada tomonlar hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
“Tashabbus Do‘rman” fermer xo‘jaligi rahbari Tohir Ro‘zmetovning aytishicha, 2017 yil oxirida moshni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan. U o‘tgan qisqa vaqt ichida jamg‘arma ko‘magida AQSh va Xitoyga ham mosh yetkazib berish bo‘yicha qiymati 700 ming dollarlik shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Xorazm viloyati zaminida yetishtirilgan mahsulotlar tashqi bozorda tobora xaridorgir bo‘lib borayotganidan dalolat beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring