Vengriya bilan tibbiyot sohasida hamkorlik aloqalari yanada kengayadi
Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Vengriyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Unda qayd etilganidek, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi transformatsiyasi jarayonida Vengriya bilan oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor.
Bugungi kunda ushbu mamlakat bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish boʻyicha aniq rejalar va istiqbolli yoʻnalishlar belgilab olingan. Xususan, joriy yil iyul oyida yurtimiz sogʻliqni saqlash tizimi masʼullaridan iborat guruhning hukumatimiz delegatsiyasi tarkibida Vengriyaga tashrifi doirasida ham tibbiyot sohasida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator muhim kelishuvlar imzolangan edi.
Jumladan, hozir ushbu mamlakatning bir qancha nufuzli farmatsevtika korxonalari bilan Vengriya dori vositalarining yurtimizda ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish, sifat nazorati, shuningdek, farmatsevtika xodimlarining malakasini oshirish kabi yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda ana shu loyihalar ijrosini jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Muloqot chogʻida tibbiy taʼlim sohasidagi hamkorlikni faollashtirish masalasi ham muhokamalar markazida boʻldi.
Jumladan, Vengriyaning Zemmelvays, Debretsen kabi nufuzli universitetlari bilan birgalikda tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash, akademik almashinuv va qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, Vengriya hukumati tomonidan “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida Oʻzbekiston fuqarolariga ushbu xorijiy mamlakat oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida oʻqish uchun yiliga jami 170 tadan taʼlim grantlari ajratib kelinmoqda.
Taʼkidlanganidek, ushbu dastur ham tibbiy taʼlim sohasidagi hamkorligimizni rivojlantirish, shu jumladan oʻzbekistonlik yoshlarning Vengriyaning tibbiyot oliygohlarida Yevropa standartlari asosida oʻqishi uchun yaxshi imkoniyatdir.
Muzokaralar davomida Vengriyaning yetakchi universitetlari oʻqituvchi va professorlarini yurtimizdagi tibbiy oliygohlar hamda tibbiyot markazlarida maʼruzalar oʻqish, amaliy mashgʻulotlar va mahorat darslarini oʻtishga jalb qilish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring