Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Urgut va Payariq tumanlarida vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.
Samarqand garnizonidagi harbiy qism targʻibot guruhi tomonidan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida tashkil etilgan festival “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostidagi yurish marafoni bilan boshlandi. Tumanlar sektor rahbarlari boshchiligida oʻtkazilgan marafonda yuzlab yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar xalq va armiya birdamligini yanada mustahkamlash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, aholi oʻrtasida milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuygʻusini oshirish kerakligini taʼkidlashdi.
Festival doirasida faxriy qorovulning koʻrgazmali chiqishlari, qoʻl jangi ustalarining jangovar harakatlari namoyish etildi. Harbiy orkestr jamoasining Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari festivalga bayramona kayfiyat bagʻishladi.
Shuningdek, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, viloyat, tuman va shahar hokimliklari boshchiligida “Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi” shiori ostida yurt tinchligi yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan samarqandlik harbiy xizmatchilarning yaqinlaridan hol soʻraldi.

Jumladan, masʼullar marhum leytenant Sayyor Saʼdinov, leytenant Maʼrufjon Rahmonov, katta serjant Maʼrufjon Rajabov, serjant Ulugʻbek Barnoyev, kichik serjant Nodir Sobirov, kichik serjant Akmal Mirzaahmedov, kichik serjant Ulugʻbek Hasanov, oddiy askar Lochin Hayitovlarning xonadonida boʻlishdi.
Harbiy xizmatchilarning ota-onasi, turmush oʻrtogʻi va farzandlari holidan xabar olinib, Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan pul mablagʻlari va okrug qoʻmondonligining bayram sovgʻalari topshirildi.
“Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring