Varikoz kasalligi asoratlari bilan xavfli — mutaxassis

09:53 30 Iyul 2023 Jamiyat
1035 0

Qon-tomir muammolari butun dunyoda keng tarqalgan surunkali kasalliklar sirasiga kiradi. Ayniqsa, keyingi paytlarda koʻpchilik insonlarda varikoz xastaligi tez-tez uchramoqda.

Xoʻsh, buning asosiy sabib nima? Xastalikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab boʻladi?

Ushbu savollarga akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim boshligʻi Fazlitdin Bahriddinov javob berdi.

— Ayrim kishilar varikozni faqat estetik muammo, deb oʻylaydi. Biroq bu kasallikka oʻz vaqtida eʼtibor berilmasa, salomatlik uchun jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin, — deydi mutaxassis.

— Aytish lozimki, mazkur xastalikka koʻproq ayollar moyil boʻladi. Buning asosiy sababi esa homiladorlikdir. Yaʼni ularda 25-45 yoshlar oraligʻida varikoz koʻp kuzatiladi. Qolaversa, erkaklar ham 45-50 yoshlarda ushbu kasallikka chalinishga moyil boʻladi.

Maʼlumki, vena qon tomirlari organizmda qon aylanishini taʼminlaydi. Biroq yuza venalarining kengayishi, klapanlarning yaroqsizligi va venoz qon oqishining buzilishi sababli venalarning varikoz kengayishi kuzatiladi.

Xastalikning kelib chiqishiga irsiyat, uzoq muddat tik oyoqda turish, homiladorlik (bachadonning boshqa organlarga kuchli bosimi, qon tomirlarini siqishi), semirish, biriktiruvchi toʻqimaning tugʻma zaifligi, kam harakatlik, gormonal dorilarni qabul qilish, gormonal oʻzgarishlar, endokrin kasalliklar, yuqori venoz bosim, surunkali kasalliklarning rivojlanishi kabi bir qancha omillar sabab boʻlishi mumkin.

Venalarning varikoz kengayishida bir necha bosqich farqlanadi.

Ilk bosqichda ish kunidan soʻng oyoqlarda ogʻirlik va charchoq, kech tushdan keyin toʻpiq, oyoq va pastki oyoqning shishi kuzatiladi. Bunday holda barcha alomatlar tungi dam olishdan soʻng yoki faol yurishdan keyin yoʻqoladi.

Shuningdek, oyoqlarning tez toliqishi, boldir sohasida venoz tugunchalar paydo boʻlishi, tik turganda venalarning boʻrtib chiqishi, teri qichishishi va ekzemasimon dermatit hamda boshqa qator belgilar rivojlanadi.

Agar ularga oʻz vaqtida eʼtibor berilmasa, boldir sohasida trofik yaralar paydo boʻlishi, oʻtkir tromboflebit, varikoz tugunining yorilib qon ketishi, hatto, oʻlim holati kuzatilishi mumkin.

Shu bois kasallikning dastlabki alomatlari paydo boʻlganda darhol shifokorga (qon tomir jarrohiga) murojaat qilish kerak.

Xastalikka chalinmaslik uchun vaznni meʼyorda saqlash, sogʻlom turmush tarziga rioya qilish, surunkali ravishda jismoniy zoʻriqishdan va uzoq vaqt tik oyoqda turishdan himoyalanish, tor kiyim va baland poshnali poyabzal kiymaslik tavsiya etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер