Valyuta operatsiyalarini amalga oshirish soddalashtirildi

10:18 03 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
1510 0

Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Mazkur hujjat valyutani tartibga solish sohasidagi amalda boʻlgan 5 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni unifikatsiya qilish orqali qabul qilindi va 2020-yil 1-sentyabrdan kuchga kirdi.

Mazkur Qoidalar bilan valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda quyidagi yangiliklar joriy etildi:

— jismoniy shaxslar bilan valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda ulardan pasport nusxasi talab qilish bilan bogʻliq norma chiqarib tashlandi;

— banklar tomonidan mijozlar bilan valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda ortiqcha vaqt va hujjatlar talab etilishi bilan bogʻliq normalar bekor qilindi;

— xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mablagʻlarini konvertatsiya qilish jarayonlari hamda chet el valyutasini sotib olish uchun taqdim etiladigan buyurtmalarni banklar tomonidan koʻrib chiqish tartibi soddalashtirildi;

— valyuta birjasi savdolarida ishtirok etish uchun mijozning hisobvaragʻida qatʼiy ravishda mablagʻlar rezerv qilinishi boʻyicha talab bekor qilindi;

— sotib olingan mablagʻlardan foydalanish borasida qoʻshimcha qulayliklar yaratildi, xususan, bank mijozlarining maxsus valyuta hisobvaragʻiga turli xil sabablarga koʻra qaytib tushgan valyuta mablagʻlaridan takroran foydalanish imkoniyati yaratildi;

— Markaziy bank tomonidan ayirboshlash shoxobchalarini roʻyxatga olish va ularga guvohnomalar berish amaliyoti bekor qilindi;

— ayirboshlash operatsiyalarini rasmiylashtirish tartibi, valyuta ayirboshlash shoxobchalarida xodimlar soni, xavfsizlik talablari, ularni monitoring qilish va boshqa talablar tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF–5997-son Farmoni bilan 2020-yil 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish toʻxtatilgan, bundan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi, shuningdek unifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish mustasno.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер