Uyushma ishonchni oqlayaptimi?
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatiga bugun bir yil to‘ldi.
Xo‘sh, o‘tgan qisqa davr ichida sohada qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi? Uyushma jamoasi bildirilgan ishonchni oqlay oldimi?
Savolni bu tarzda qo‘yganimiz bejiz emas. Chunki bugungi shiddatli zamonda bir yillik faoliyat dastlabki xulosalarni chiqarish uchun yetarli muddat hisoblanadi.
Ekspertlarning fikricha, keyingi paytda yurtimiz pillachilik sanoati tanazzul yoqasiga kelib qolgan, pillachilarning ipak qurti boqishga ishtiyoqiga esa susaytgan edi. Shunday murakkab bir paytda davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 martda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani tizimda tub burilish yasadi. Sababi, mazkur hujjatda pillachilarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, uy sharoitida pilla yetishtirgan fuqarolarni daromad solig‘idan ozod qilish, bir mavsum ishlagan davrlari pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga o‘tishi belgilab qo‘yildi.
Tabiiy savol tug‘iladi: bu kabi imtiyozlar qanday samara berdi?
— Avvalo, ishga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirdi, — deydi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov. — Natijada o‘tgan yilning o‘zida ikki marta ipak qurti parvarishlab, sifatli pilla yetishtirishga muvaffaq bo‘ldik. Joriy yilda esa uch marta, kelgusi yillarda esa to‘rt martadan ortiq “kumush tola” yetishtirishga ahd qilganmiz.
— Uyushmaning bir yillik faoliyatidan shaxsan sizning ko‘nglingiz to‘ladimi?
— Ko‘nglim to‘ldi, deya olmaymanu, lekin qoniqish hosil qildim. Sababi, faoliyatimiz avvalida rejalashtirilgan ko‘plab innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq qilish, klaster tizimini joriy etish, xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga erishdik. Tut bargidan ekologik toza va shifobaxsh choy, ipak qurti g‘umbagidan yog‘ ishlab chiqarish boshlangani, innovatsion pillaxona qurilib, tutzorlarda parrandachilik, quyonchilik, asalarichilikni rivojlantirishga oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shayotganimiz bunga misol bo‘la oladi. Shuningdek, ipak qurti urug‘i yetishtirish, pillani qayta ishlashni chuqurlashtirish, chet el investitsiyasini jalb etgan holda, yangi quvvatlarni barpo etish loyihalari ham izchil davom ettirilayapti. Demaqchi bo‘lganim, hali biz katta yo‘lning boshida turibmiz. Oldimizda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar juda ko‘p.
Darvoqe, yurtimizda ayni paytda pilla parvarishi bo‘yicha birinchi mavsum boshlandi. Ikkinchi mavsum iyul-avgust, uchinchi mavsum esa oktyabr-noyabr oylariga mo‘ljallanmoqda.
Said RAHMONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring