Ustoz – charxpalak, shogird – suv

15:23 30 Sentyabr 2020 Jamiyat
7856 0

Bozordan biror bemaza meva xarid qilsak yoki sifatsiz kiyim yoxud buyum sotib olsak darhol sifatlisiga almashtirib olamiz. Ota-ona nobakor farzandni voyaga yetkazdi yoki oʻqituvchi quloqsiz, beuquv, dangasa shogird yetishtirdi. Bunday farzand yoki shogirdni yaxshisiga almashtirishning hecham iloji yoʻq. Shunday emasmi?

Muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyos. Muallimlik, murabbiylik ‒ buyuk sharaf. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari paygʻambarlar ham muallim va murabbiy qilib yuborilganlar.

Oʻqituvchilik kasbi vakillari jamiyatga suv va havodek zarur. Bu muhtaram zotlarni quyoshga oʻxshatish mumkin. Quyosh nuridan barcha birday manfaat koʻrganidek, ustozlarning maʼrifati butun bashariyatga naf keltiradi. Bejiz Abdurahmon Jomiy hazratlari:

Ustoz, murabbiysiz qolganda zamon,

Zulumotdan qora boʻlardi jahon, demagan.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam butun bashariyatga ustoz qilib yuborilganlar. Bu haqda Qurʼoni karimda: «U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga oʻzlaridan boʻlgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qurʼon) va Hikmat (Hadis)ni oʻrgatadigan (bir) paygʻambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular paygʻambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar» (Jumʼa surasi, 2-oyat), deb marhamat qilingan.

Hadisi sharifda: “Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Bir alloma ustozi haqida: “Otam meni koʻkdan yerga tushishimga sababchi boʻlgan, ustozim esa yerdan koʻkka koʻtarilishimga sababchidir”, degan ekan. Ota-ona insonning jismini tarbiya qiladi, muallim esa insonning ruhini tarbiyalaydi.

Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni oʻrgatadigan kishilarni maqtab, bunday deganlar: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli, hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni taʼlim beruvchining haqqiga duo qiladilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobit shogirdlari bilan ketayotgan edi. Yoʻldan choʻpon podani haydab oʻtib qoldi. Shunda Abu Hanifa otdan tushib, choʻponga salom berib, tavoze koʻrsatdi. Choʻpon ketgach, shogirdlari: «Ustoz, siz Kufada, Basrada dongʻi ketgan olimsiz, oddiy choʻponga bunchalik tavoze koʻrsatishingizning boisi nedir?» deyishdi. Abu Hanifa: “Bu choʻpondan hayvonlar haqida savol soʻragandim. U menga ustozlik qilgan edi. Muallimga tavoze koʻrsatish goʻzal fazilatdir”, dedilar.

Xuddi shunday Alisher Navoiy mulozimlari bilan ketayotib, nogoh koʻzlari yoʻl boʻyida oʻtirgan oʻsmir bolaga tushdi. Hazrat otdan tushib, bolakay salom berib, oldiga bordi va: “Bu yigitcha ustozimizning nabirasi. Biz unga eʼtibor qaratib, ustoz xotiralarini shod ayladik”, degan.

Islom taʼlimotiga koʻra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda boʻladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, taʼlim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan oʻzgalarning foydalanishi tufayli nomai aʼmoliga savob toʻxtovsiz borib turadi. Hadisi sharifda: «Inson vafot etganda uning amali toʻxtaydi, faqat uch narsa tufayli (uning nomai aʼmoliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya, foydali ilm, duoi xayr qiluvchi solih farzand» (Imom Muslim rivoyati).

Oʻtkir Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ida ustozni charxpalakka, shogirdni esa suvga oʻxshatadi. Charxpalak oʻzining parraklari orqali suvni yuqoriga koʻtaradi. Yuqoriga chiqib olgan suv ortga qaytmaydi. Charxpalak esa bundan ranjimaydi, yana boshqa suvni yuqoriga koʻtaraveradi.

Mirodil MIRJALILOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер