Usmoniylar imperiyasi tarixidan hikoya qiluvchi fotokoʻrgazma ochildi
Foto: Xalq soʻzi
Samarqanddagi Turkiya Bosh konsulligi hamda viloyat badiiy ijodkorlar uyushmasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Samarqand viloyat badiiy ijodkorlar uyushmasida “Usmoniylar imperiyasida diplomatiya va mehmondorchilik” mavzusida fotokoʻrgazma tashkil etildi.

Koʻrgazmaning ochilishiga bagʻishlangan tadbirda viloyat hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov, viloyat jamoatchiligi vakillari, badiiy sanʼat ixlosmandlari hamda Samarqandda yashab turgan Turkiya fuqarolari ishtirok etdi.

Turkiya Respublikasi tashkil topganining 100-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur koʻrgazma katalogini Usmoniylar diplomatiyasi toʻgʻrisidagi manbalarni jahon merosiga hadya etish va zamonaviy Turkiya diplomatiyasi anʼanalarini yoritish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega ijod mahsuli, deyish mumkin. Chunki koʻrgazma Usmonli imperiyasi oʻzidan oldingi Turk-Islom davlatlaridagi mavjud diplomatik rasm-rusumni davom ettirgan holda, mamlakatlar bilan munosabat oʻrnatish jarayonida baʼzi yangiliklar joriy qilib, oʻziga xos diplomatiya yaratgani haqida ham soʻzlaydi.

Fotokoʻrgazmaga qoʻyilgan tarixiy suratlarda Usmoniylar imperiyasi tashkil topganidan XIX asrgacha boʻlgan diplomatik rasm-rusum, siyosiy faoliyat aks etgan. Masalan, XIX asrda Istanbulga turli mamlakatlardan xorijiy sulola vakillari, davlat arboblari tashrif buyurgan. Fransiya, Shvetsiya-Norvegiya, Yaponiya, Germaniya, Eron hukmdorlari, sulola aʼzolarining Istanbulga tashriflari tafsiloti yozma va koʻrgazmali hujjatlar yordamida bayon etilgan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring