Usmon Mus’hafi raqamlashtiriladi
O‘zbekistonda muqaddas islom manbalarini chuqur tadqiq etish, ularni asrash va keng jamoatchilikka yetkazish yo‘lida navbatdagi muhim ilmiy-loyiha amalga oshirilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan Toshkentda saqlanayotgan, dunyodagi eng qadimiy Qur’on nusxalaridan biri — Usmon Mus’hafi ustida keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilmoqda.
Ushbu loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri — Usmon Mus’hafi va Katta Langar Qur’onining matni, unda ishlatilgan siyoh, yozuv turlari va restavratsiyasi karbon tahlili asosida chuqur ilmiy tahlil qilinadi. Bu orqali Qur’on nusxalarining tarixiy davri, yozilish uslubi va materiallari aniqlanadi.
Tadqiqotlar natijasida Usmon Mus’hafining elektron nusxasi yaratiladi. Bu elektron shakl markazning Qur’oni karim zalida interaktiv monitorlar orqali taqdim etiladi — tashrif buyuruvchilar Mus’haf sahifalarini virtual tarzda varaqlab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, Mus’hafning yuqori aniqlikdagi yangi faksimile nashri ham tayyorlanadi. Bu nashr asl nusxaning shakl, rang va yozuvlarini to‘liq aks ettiradi, shuningdek, ilmiy-tarixiy izohlar bilan boyitiladi.
Ushbu loyiha O‘zbekistondagi islomiy merosni keng targ‘ib etish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi ekspozitsiyasini yanada boyitish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu bilan nafaqat yurtimiz ahli, balki butun dunyo musulmonlari eng qadimiy Qur’on nusxasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring