Ushbu shaxsning shovinistik va haqorat ruhidagi daʼvolari afsuski birinchi marta emas — Kusherbayev Jirinovskiy haqida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat Rasul Kusherbayev Rossiyadagi LDPR rahbari V.Jirinovskiyning daʼvolari haqida oʻz fikrlarini bildirdi.
"Rossiyadagi LDPR rahbari V.Jirinovskiy Tolibon bahonasida Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston Rossiya tarkibiga guberniya sifatida kiritilishi kerak, degan daʼvo bilan chiqibdi.
Shu joyiga bitta qoʻpol gap keldi-ku... mayli.
Ushbu shaxsning shovinistik va haqorat ruhidagi daʼvolari afsuski birinchi marta emas. Menimcha hali bunday gaplarni yana koʻp eshitamiz. Lekin it hurar karvon oʻtar, degan gap bor.
Bir narsa aniq: Markaziy Osiyoda joylashgan Oʻzbekistonga nisbatan turli tahdidlar koʻp boʻlgan va barchasi oʻz vaqtida bartaraf etilgan.
Oʻzbekiston Qurolli kuchlari professional darajada va ayni vaqtda har qanday tahdidni bartaraf eta olish imkoniyatiga ega. Bu masalada davlat rahbari Sh. Mirziyoyev ham bir necha bor Oʻzbekiston xalqiga murojaat qilib taʼkidlab oʻtdi.
Shu bois, Rossiyadagi LDPR rahbari, siyosatchi V.Jirinovskiyning bildirayotgan fikrlari davlatlararo ikki tomonlama teng munosabatlardan yiroq, noxolis va haqoratlidir. Biz siyosatchilarning boshqa xalq va mamlakatlarga nisbatan munosabatlari tenglik, hurmat va xolislikka asoslanishi, kerak, deb hisoblaymiz.
Hech kimga butun bir xalq va mamlakatni kamsitishga huquq berilmagan.
Oʻzbekiston oʻzining rivojlanish yoʻliga ega mustaqil, suveren mamlakat. Va shunday boʻlib qoladi" deb yozadi deputat.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring