Urgutlik firibgarning kirdikorlari oshkor etildi
Joriy yilning 11-aprel kuni Samarqand viloyati, Urgut tumanida yashovchi Q.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan ayblov eʼlon qilingan va shu kuni “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur shaxs ikki nafar urgutliklarni “chuv” tushirib, pullarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib olganlikda ayblanmoqda. 2017-yil mart oyida Urgut tumani, Quyiqishloq mahallasida yashovchi fuqaro R.G.ga harbiy xizmatni oʻtab kelgan oʻgʻlini ishga joylashtirib berishni vaʼda qilib, undan 2 000 AQSH dollari miqdorida pullarni olgan va oʻzining ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
2018-yil mart oyining oʻrtalarida esa Urgut tumani, Terak mahallasida yashovchi fuqaro T.J.ga jazoni ijro etish muassasasida jazo oʻtayotgan akasini muddatidan oldin ozodlikka chiqarib berishda yordam berishini aytib, buning evaziga undan 4 950 AQSH dollarini oladi.
Jinoyatchi jazosini oladi. Ammo koʻrib turganimizdek, har ikkala holatda ham fuqarolarimiz hozirda mavjud shuncha imkoniyatlar boʻlishiga qaramasdan, oʻz yumushlarini bir firibgar qoʻliga topshirganlar va oqibatda oʻzlari qiyin ahvolga tushib qolganlar.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring