UNWTO Bosh kotibi barchaning eʼtiborini Oʻzbekistonga qaratdi
27-28-sentabr kunlari Ar-Riyod shahrida “Butunjahon turizm kuni 2023. Turizm va yashil investitsiyalar” xalqaro anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbir UNWTO va Saudiya Arabistoni turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etib, mamlakat turizm salohiyati taqdimotini oʻtkazdi. Butunjahon turizm tashkilotiga aʼzo davlatlar delegatlariga yurtimizda turizm sohasida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi rivojlanayotgan yoʻnalishlar va sohada tatbiq etilayotgan yashil texnologiyalar va 25-Bosh assambleyaga tayyorgarlik jarayonlari haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida xorijiy delegatlar vakillari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazilib, Samarqandda oʻtadigan Bosh assambleyaga ishiga faol jalb qilindi.
Tadbirda, shuningdek, Butunjahon turizm tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning 500 dan ortiq delegatlari, jumladan 50 dan ziyod turizm vazirlari hamda xorijiy sayyohlik maʼmuriyatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Konferensiya doirasida qator sessiyalar oʻtkazilib, ularda ekologiya va inson kapitaliga investitsiyalar, yangi turistik manzillar, barqaror turizm, sohada taʼlim, innovatsiyalar va gender masalalari muhokama qilindi.
UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili tadbirda soʻzga chiqar ekan, barchani ishtirokchilarni Oʻzbekistonga sayohat qilishga chorladi. U oʻz nutqida Oʻzbekistonning yangi jozibador turistik yoʻnalish ekanini taʼkidlab, Tashkilotga aʼzo davlatlar delegatsiyalari rahbarlarini 16-20 oktyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan Bosh assambleya tadbirlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Ar-Riyoddagi xalqaro forum yakunlariga koʻra, 2024-yilgi Butunjahon turizm kunini Gruziyada oʻtkazishga doir kelishuvga erishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring