Umumiy tarixdan kuch olgan qardoshlik
Foto: president.uz
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning Samarqandga tashrifi Islom Karimov maqbarasi ziyoratidan boshlandi. U davlatimiz rahbari hamrohligida majmuaga borib, Birinchi Prezidentimiz qabriga gul qoʻydi. Qurʼon oyatlari oʻqilib, duo qilindi.
Bu xalqimizga boʻlgan hurmat, qardoshlarga xos oqibat ifodasi boʻldi.
Turkmanistonlik mehmonlar Mirzo Ulugʻbek muzey-majmuasini borib koʻrdi.
Ushbu majmua buyuk olim qurdirgan rasadxona yonida tashkil etilgan. Muzey ikki zal va olti boʻlimdan iborat. Undan Mirzo Ulugʻbek davriga oid yuzdan ziyod ashyolar, kitoblar, qoʻlyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobi oʻrin olgan.
Buyuk bobomizning nodir rasadxonasi, yuksak ilmu zakovati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Amir Temur maqbarasini ham ziyorat qildi. Bobokalonimiz ruhiga Qurʼon tilovat qilindi.
Mehmonlarga buyuk Sohibqironning hayoti, sarkardalik mahorati, ulkan davlati haqida soʻzlab berildi. Maʼlumki, Amir Temur oʻzi idora qilgan oʻlkalarda ilm, madaniyat, savdo va hunarmandchilikni rivojlantirgan, mustahkam obidalar qurdirgan. Xususan, hozirgi Markaziy Osiyo davlatlarida Sohibqiron bobomizning merosi alohida qadrlanadi.
Davlat rahbarlari Registon majmuasiga tashrif buyurdi.
Majmuadagi uch muhtasham obida – Mirzo Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalarining tarixi haqida soʻzlab berildi. Xalqimizning meʼmorchilik anʼanalari, maqbaralardagi naqshlar va ulardagi maʼnolar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov shu yerda esdalik uchun suratga tushdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring