Umumiy oʻrta taʼlimga yangi ixtirolarga ilhomlantiruvchi tabiiy fanlar darsligi kirib kelmoqda

10:41 14 Iyul 2022 Jamiyat
3942 0

Joriy yilning 13-iyul kuni Toshkent shahrida Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi, UNICEF, A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti hamkorligida Tabiiy fanlar boʻyicha xalqaro ekspert Filippa Gardom Halm ishtirokida “Tabiiy fanlar – ilm-fan olamiga ilk qadam” mavzusidagi darsliklari taqdimotiga bagʻishlangan xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi.

Prezident qaroriga binoan mamlakatimiz tarixida ilk bor Milliy oʻquv dasturi asosida 2021-2022- oʻquv yili uchun 1-2 sinf Tabiiy fanlar darsiligi amaliyotga joriy etildi.

“Tabiiy fanlar – ilm-fan olamiga ilk qadam” mavzusidagi taqdimotda taʼlimni hayotiylashtirish va mazkur darsliklaridagi asosiy koʻnikmalar, 1-2-sinf Tabiiy fanlar dasturini amaliyotga joriy qilishda erishilgan yutuq va natijalar boʻyicha Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan keng jamoatchilikni eʼlon qilindi.

Joriy yilda yangi oʻquv yili uchun 7 ta tilda oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanma bilan jami 8 nomdagi 3-va 6-sinf Tabiiy fanlar darsliklari tayyorlandi. 3-sinf Tabiiy fanlar 728 330 tirajda, 6-sinf Tabiiy fanlar darsligi 723 716 tirajda nashr etiladi.

Shuningdek yangi oʻquv yili uchun 7, 10-sinflarning 16 nomdagi Kimyo, Biologiya, Fizika, Geografiya darsliklari tayyorlanib ular qariyb 5 million nusxada bosiladi. Tabiiy fanlar kimyo, biologiya, fizika, geografiya fanlarini yaxshi oʻzlashtirishga poydevor boʻladi. Eʼtiborli jihati darsliklarni yaratish jarayoniga 20 dan ortiq mahalliy mutaxassislar, asosan amaliyotchi oʻqituvchilar jalb qilindi. Tabiiy fanlar uchun Milliy oʻquv dasturi, standartlar va darslikning tayyorlanishida UNICEFning xalqaro eksperti Filippa Gardon Halm ishtiroki ham darslikning muvaffaqiyatidan biri boʻldi.

Xalqaro eksperti Filippa Gardon Halm kompetensiyaga yoʻnaltirilgan tajriba jahonda ilgʻor tajriba sifatida koʻrilishi va darslik bolalarda dalillarga tayangan holda qarorlar qabul qilishga xizmat qilishi kerakligi haqida tushuntirar ekan:

“Masalan, agar oʻquvchilar iqlim oʻzgarishi haqida yaxshi bilsalar avtomobil oʻrniga velosiped sotib olish kerakdir yoki jamoat transportidan foydalanish foydaliroq degan xulosaga kela oladilar. Ular odamlar odatda qanday qaror qabul qilishiga qarab emas, tanqidiy fikrlash orqali qaror qabul qilishga oʻrganadilar”, – deya taʼkidladi.

Umumiy oʻrta taʼlimning 1-6-sinflari uchun moʻljallangan Science fani bir nechta fanlarni birlashtirgan va STEAM tizimi asosida koʻplab ijtimoiy, iqtisodiy fanlar bilan integratsiyani taʼminlagan.

Bilim va koʻnikmalarni spiralsimon usulda oddiydan murakkabga tomon rivojlantirib borish koʻzda tutilganligi hisobiga oʻquvchilarga olamning yaxlit, ajralmas, bir butunligini anglashga yordam beradi.

Bundan tashqari, yaratilayotgan darslikka har bir bobning mavzusidan kelib chiqib, sodda kundalik turmushda uchraydigan qiziqarli mavzular, tajribalar kiritildi. Endi bolalar “Oʻquv loyihasi” deb nomlangan amaliy mashgʻulotda oʻzlari kichik tajribalar oʻtkazib koʻrishadi. Masalan, 1-sinflarga 1 oʻquv yili uchun 1 ta amaliy topshiriq, gul ekish va uni parvarishlash vazifasi berilgan. Oʻquvchilar oʻzlari ekkan guldagi oʻzgarishlarni yil davomida kuzatib, natijani daftarlariga qayd etib boradilar, ustozlari va sinfdoshlari bilan oʻrtoqlashadilar.

Ahamiyatli jihati, mualliflar jamoasi darslikka kiritilayotgan barcha topshiriqlar, oʻquv loyihalarini avval oʻquvchilar topshiriqni qay darajada bajara olishlarini aniqlash maqsadida maktablarda tajriba-sinovdan oʻtkazishmoqda.

Anʼanaviy yondashuvga asoslangan darsliklarda avval matn, keyin savollar berilgan boʻlsa, Sciyence darsligida oʻquvchining mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish maqsadida avval savollar berilib keyin matn keltirilgan. Maʼlumotlarning aksariyat qismi esa matn koʻrinishida emas rasm yoki illyustratsiyalar koʻrinishida. Bu bolalarda har xil manbalarni tushuna olish, mavzuga kreativ yondashish koʻnikmasini shakllantiradi.

Darslikning dizayni ham jahonning ilgʻor tajribalariga asoslangan holda yaratilmoqda. Professional rassomlar tomonidan darslikka ishlanayotgan rasmlar esa bolalarga mavzuning mazmunini toʻliq anglab yetishga koʻmaklashadi.

Darslik materiallarining audio va video variantlari ham mavjud boʻlib, ular ilk bora AR toʻldirilgan borliq tizimiga joylashtirildi. Agar smartfon darslik muqovasidagi QR kodga tutilsa, bolalar oʻzlari oʻrganayotgan obyektning harakatlanib turganini koʻrishlari, tovushini eshitishlari yoki oʻsha obyektning boshqa xususiyatlari bilan tanishishlari mumkin boʻladi.Darslikka qoʻshimcha ravishda mashq daftari hamda oʻqituvchi kitoblari ham yaratildi. Darslik uchun yaratilgan mashq daftarida abstrakt fikrlash va tasavvurlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni rivojlantirishga qaratilgan rasmli topshiriqlar berilgan.

Yangi ixtirolar qilishga ilhomlantiradi. Ilmiy-texnikaviy innovatsiyalarning asosi Tabiiy fanlar. “Soddadan murakkabga” tamoyili oʻquvchilarga hayotimizni oʻzgartirgan ixtirolar zamirida qanday qonuniyatlar yotganini tushuntiradi. Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashadi. Sayyoramiz kelajagiga tahdid sifatida koʻrilayotgan iqlim oʻzgarishiga qarshi darslikda qayta tiklanuvchi energiya manbalari haqida mavzular kiritilgan. Uzoq yashashga yordam beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер