UMS oʻz nomini mobiuzʼga oʻzgartirdi
UMS mobil operatori rebrending oʻtkazdi va oʻz nomini Mobiuz deya oʻzgartirdi. Bu haqda bugun Toshkentda tashkil etilgan taqdimot marosimida maʼlum qilindi.
Kompaniya vakillarining taʼkidlashlaricha, soʻnggi yillarda mamlakatda koʻp narsa oʻzgardi va UMS brendi ham oʻzini oqlamay qoʻydi. Binobarin, ular ilgʻor va kompaniyaning yangi falsafasini oʻzida ifodalagan zamonaviy nom ishlab chiqishga qaror qilishdi.
Taqdimotda nafaqat nom oʻzgarayotgani qayd etildi, balki kompaniya rivojlanishning yangi bosqichini boshlayotgani aytib oʻtildi. Bu innovatsion texnologiyalarning yangi ekotizimini yaratishga olib kelishi kerak.
Rebrending bilan shugʻullangan Artógraph studiyasi direktori Iskander Xayitboyev yangi brend paydo boʻlishiga “Gʻamxoʻrlik orqali taraqqiyot sari” degan gʻoya asosida izoh berar ekan, bugungi kunda odamlar oddiylikni koʻproq qadrlashayotganini eʼtirof etdi.
“Biz shakliy oddiylik va kompaniyaning yaratuvchanlik yoʻlidagi intilishlarini birlashtirishni istadik. Natijada ikkita asosiy element oʻzaro uygʻunlashtirildi – mobiuz soʻzi va unda yuqoriga intilayotgan nur tasviri”, - dedi u.
Taqdimotda mobiuz mobil operatoridan layfstayl-operatoriga aylanishiga urgʻu berildi. Hozirgacha qator yangi tariflar ishga tushirildi, yaqin kunlar ichida yangi mobil ilovalar ham taqdim etiladi. Ayni chogʻda kompaniya TV, kino, musiqa va toʻlovlar uchun oʻzining xususiy madaniy hordiq chiqarish servislari ishga tushirilishini ham maʼlum qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring